Farg‘ona davlat texnika universiteti xalqaro akkreditatsiyadan o‘tdi
Mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, ta’lim sifati va raqobatbardoshligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda.
Ana shunday izchil ishlar natijasida Farg‘ona davlat texnika universitetining 4 ta bakalavriat ta’lim dasturi Yevropadagi nufuzli akkreditatsiya tashkilotlaridan biri — ASIIN tomonidan muvaffaqiyatli akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
Jumladan, “Qurilish muhandisligi”, “Geodeziya va geoinformatika”, “Muhandislik kommunikatsiyalari qurilishi va ekspluatatsiyasi” hamda “Arxitektura” ta’lim yo‘nalishlari xalqaro baholash jarayonida ijobiy natija ko‘rsatdi.

Mazkur natija universitetda ta’lim sifatini xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha olib borilgan tizimli ishlar samarasidir.
Akkreditatsiya jarayoni bir necha bosqichda amalga oshirildi. 2025-yil bahorida xalqaro tashkilotlar bilan muzokaralar o‘tkazilib, ASIIN bilan shartnoma imzolandi. Shundan so‘ng universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan ichki baholash hisoboti tayyorlandi. Joriy yil yanvar oyida xorijiy ekspertlar universitetga tashrif buyurib, joyida baholash o‘tkazdi.

Jarayon davomida ta’lim sifati, boshqaruv tizimi, professor-o‘qituvchilar salohiyati, moddiy-texnik baza hamda bitiruvchilarning bilim darajasi kompleks ravishda o‘rganildi. Yakuniy xulosaga ko‘ra, barcha dasturlar xalqaro talablarga to‘liq mos deb topildi.

Shu bilan birga, universitet QAA tomonidan institutsional akkreditatsiyadan o‘tish jarayonini ham davom ettirmoqda. Hozirga qadar ushbu jarayonning ikki bosqichi muvaffaqiyatli yakunlanib, uchinchi bosqich davom etmoqda.
Mazkur xalqaro akkreditatsiya va institutsional baholash jarayonlari Osiyo taraqqiyot banki tomonidan ajratilgan grant mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA