Farg‘ona chinnisiga xorijdan ham buyurtma bor
Farg‘ona viloyati Rishton tumani o‘zining kulolchilik buyumlari bilan mashhur.
Bu yerda milliy kulolchilik an’analari avloddan-avlodga o‘tib, jadal rivojlanib bormoqda. bugungi kunda 20 dan ortiq katta usta va ularning 7 mingga yaqin shogirdi faoliyat yuritadi.
Rishton kulollarining noyob an’analari va mahoratlari asosida aholining keng qatlamlari katta sarmoya kiritmasdan ish joylari va barqaror daromad bilan ta’minlanmoqda. Rasuljon Maqsudov qo‘li gul kulollardan biri bo‘lib, ustozlaridan uzoq yil mazkur hunarni o‘rgandi. Yaqinda mustaqil ish boshlab, “R.M.Korona” oilaviy korxonasini tashkil qildi.
Korxona rahbari loyiha tuzib, Farg‘ona viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasiga taqdim etdi. Loyihani ko‘zdan kechirgan mutaxassislar tadbirkor ishini rivojlantirish uchun 140 million so‘m kredit ajratilishida ko‘maklashdi.
– Xitoydan zamonaviy texnologiya olib kelib o‘rnatdik, – deydi Rasuljon Maqsudov. – Ishimiz yurishib ketdi. Mahsulotimizning turi ko‘paydi, sifati oshdi. Avval korxonamizda 20 nafar mahalliy yosh ishlagan bo‘lsa, kredit ajratilgandan so‘ng yana 30 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi.
Ayni paytda 50 nafar xotin-qiz mehnat qilayotgan korxonada 10 turdagi chinni buyum tayyorlanmoqda. Korxona Tojikiston va Qirg‘iziston davlatlaridan ham buyurtmalar olib, Tojikistonga yuz ming AQSH dollarlik mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan.
Hilola Asqarovaning ishi chinni buyumlarga gul chizish, bo‘yash. Ishga yaqinda kirgan bo‘lsa-da, olayotgan maoshi chakki emas.
– Shu paytgacha uyda o‘tirardim, – deydi H.Asqarova. –Qo‘shnilarimizdan eshitib, korxona rahbariga uchrashgandim, ishga kelishimni aytdi. Hozir Fotima-Zuhra singlim, onam ham shu yerda ishlamoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA