Farg‘ona ahli va mehmonlarni xursand qilgan katta bayram kechasi
Marg‘ilon shahrida barpo etilgan “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasining tantanali ochilish marosimi yurtimiz ma’naviy hayotidagi unutilmas voqealardan biri sifatida tarixga muhrlandi.
Ushbu qutlug‘ tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, xalqimizga samimiy tabrik va ezgu tilaklarini yo‘lladi.

Darhaqiqat, mehnatkash, oqko‘ngil va olijanob Farg‘ona ahliga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtirom ifodasi sifatida bu zaminda bugun katta-katta ishlar amalga oshirilyapti.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida mazkur majmua nafaqat Marg‘ilon shahri, balki butun Farg‘ona vodiysi uchun ma’naviy-ma’rifiy markazga aylanishini alohida ta’kidladi. Haqiqatan ham, keyingi yillarda milliy me’morchilik an’analari va zamonaviy yondashuvlarni uyg‘unlashtirgan holda barpo etilayotgan bunday majmualar xalqimizning boy tarixi va madaniyatini yanada keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.

Tantanali marosim yuqori saviyada tashkil etilgan konsert dasturi bilan davom etgani barchani xushnud etdi. Folklor-etnografik jamoalar, san’atkorlar va iste’dodli ijrochilar tomonidan taqdim etilgan chiqishlar tadbirga shukuh bag‘ishladi. Ayniqsa, yurtimizning turli hududlariga xos surxoncha, buxorocha va qoraqalpoqcha kabi raqslar madaniy xilma-xillikni yaqqol namoyon etdi.
Konsertga tashrif buyurgan yurtdoshlarimiz qalbida shodlik, faxr va birlik tuyg‘ulari yanada mustahkamlandi.

Tadbir davomida ishtirokchilarning yuzlaridagi quvonch va ko‘ngillaridagi ko‘tarinki kayfiyat mazkur madaniy dasturning yuksak saviyada tashkil etilganini ko‘rsatdi. Marg‘ilon ahli, turli viloyatlardan kelgan mehmonlar va sayyohlar bilan birgalikda milliy an’analarimiz ruhida raqsga tushdilar.
Kecha yakunida osmonni yoritgan salyutlar ushbu tarixiy onning yanada yorqin ramziga aylandi. Marg‘ilon shahri bu oqshom nafaqat yangi majmua ochilishi, balki xalqimizning yuksak madaniyati, birdamligi va hayotsevarligini namoyon etgan unutilmas bayramga guvoh bo‘ldi.

Abdulaziz RUSTAMOV, Behruz XUDOYBERDIEV, O‘zA muxbirlari