Fargʻonaliklar 250 ming tonna paxta xirmoni yaratdi
Fargʻonalik paxtakorlar mamlakatimizda birinchi boʻlib, joriy yilgi paxta topshirish shartnomaviy rejani bajardi.
Fargʻonalik paxtakorlar mamlakatimizda birinchi boʻlib, joriy yilgi paxta topshirish shartnomaviy rejani bajardi.
Fermer xoʻjaliklari tomonidan moʻl hosil yetishtirilib, 250 ming tonna paxta xirmoni bunyod etildi, uning aksariyat qismi yuqori navlarga sotildi.
Prezidentimizning tashabbusi bilan paxtachilikda klaster tizimi joriy etilgani bugun oʻz samarasini bermoqda. Viloyatning 9 ta tumanlarida paxta-toʻqimachilik klasterlari tomonidan moʻl hosil yetishtirilgani ham buni yaqqol koʻrsatib turibdi.
Joriy yilda 82 ming gektardan ziyod maydonda gʻoʻzaning “S-8290”, “Namangan-77”, “Sulton”, “S-6524” navlari ekilib, agrotexnik tadbirlarga muhim eʼtibor qaratildi. Paxtani qisqa muddatlarda sifatli qilib terib olish, terimga fermer xoʻjaligi aʼzolarini va ish bilan band boʻlmagan uyushmagan aholini ixtiyoriy jalb etish boʻyicha barcha zaruriy choralar koʻrildi.
Natijalar esa quvonarli. 15 ish kunida viloyatning Buvayda, Uchkoʻprik, Rishton tumanlari paxta sotish shartnomaviy rejasini respublikada birinchi boʻlib bajardilar. Shuningdek, Oltiariq, Oʻzbekiston, Toshloq, Bagʻdod, Dangʻara tumanlari ham paxta xirmoniga munosib hissa qoʻshishdi. Bugun boshqa tumanlar ham astoydil harakat qilishmoqda.