Fargʻonada “Rishton” chegara-bojxona posti ochildi
Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi tasarrufidagi “Rishton” chegara bojxona posti barcha fuqarolar hamda yengil avtomashinalarni harakatlanishlari uchun 30-avgustdan boshlab ishga tushdi.
Taraqqiyot odimlari
Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi tasarrufidagi “Rishton” chegara bojxona posti barcha fuqarolar hamda yengil avtomashinalarni harakatlanishlari uchun 30-avgustdan boshlab ishga tushdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi natijasida keyingi ikki yilda Oʻzbekiston-Qirgʻiziston munosabatlarida yangi zamon, yangi davr boshlandi. Bugun barcha sohalar boʻyicha izchil hamkorlik yoʻlga qoʻyilmoqda. Ikki davlat oʻrtasida erishilgan kelishuvlarning amaliy ifodasi sifatida ikki mamlakatni bogʻlab turuvchi chegara postlarining aholi vakillari uchun ochilgani ham muhim tarixiy voqea boʻldi. Qoʻshnichilik munosabatlari, doʻstlik rishtalari hamda hamkorlikning yanada mustahkamlanishi, qoʻshni davlatga borish-kelishdagi toʻsiqlar, ortiqcha rasmiyatchiliklar olib tashlangani, ayniqsa, asrlar davomida qoʻshni yashayotgan, tili, dili, dini bir ikki xalq aholisini behad quvontirdi.
“Rishton” bojxona chegara postining ochilishi ham katta shodiyonaga aylandi. Chegara majmuasida Qirgʻizistondan tashrif buyurgan mehmonlar keng jamoatchilik hamda yoshlar vakillari ishtirokida karnay-surnay sadolari ostida kutib olindi.
Tadbirda soʻz olgan Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev hamda Botken viloyati gubernatori Rustam Madumarov va boshqalar Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalar kengayib borayotgani, xususan, chegara hududlarida koʻplab muammolar amaliy hal etilayotganini taʼkidlashdi. Ayniqsa, barcha chegara postlarning ochilgani xalqimiz dilidagi ish boʻldi.
“Rishton” bojxona chegara posti shu kunga qadar faqatgina Rishton tumani hamda Qirgʻizistonning Qadamjoy tumani fuqarolarini piyoda harakatlanishlari uchun ochiq edi. Mustaqilligimizning 28 yilligi bayrami arafasida barcha uchun bojxona chegara postining ochilgani haqidagi xushxabarni ikki qardosh xalq katta xursandchilik bilan kutib oldi. Ayniqsa, mazkur bojxona chegara postining ochilishi Soʻx tumani aholisi uchun katta qulayliklar yaratmoqda. Tuman aholisi uchun yaqin yoʻl boʻlgan bu bojxona chegara posti 7 yil oldin yopilgan boʻlib, soʻxliklar viloyat markaziga kelishi uchun uzoq yoʻl bosib, soatlab vaqt sarflab, “Vodil” bojxona chegara posti orqali qatnardi. Endilikda esa ortiqcha ovoragarchiliklarga barham berildi, yoʻl qariyb 42 kilometrga qisqardi.
– Xalqlarimiz azaldan bir ariqdan suv ichib, quda-anda boʻlib, ahil yashagan, – deydi Qadamjoy tumanilik Olchinboy Turaliyev. – Afsuski, orada aloqalarimiz uzilib qolgandi. Bugun esa rishtalar yana bogʻlandi. Endi doʻstu qarindoshlar bilan diydorlashish, dardlashish imkoniyatiga ega boʻldim. Buning uchun har ikki mamlakat rahbariga oʻzimning cheksiz minnatdorchiligimni izhor etamiz.