Fargʻonada oilaviy tadbirkorlik uchun 400 milliard soʻm imtiyozli kredit ajratiladi
Bugungi kunda yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojiga katta eʼtibor qaratilmoqda.
Bugungi kunda yurtimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning rivojiga katta eʼtibor qaratilmoqda. Chunki mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi, oilalar daromadi va ularning farovonligi, yangi ish oʻrinlarining tashkil etilishi aynan ushbu tadbirkorlik rivojiga bogʻliq. Tadbirkorlik subyektlariga banklar tomonidan xizmat koʻrsatish sifatini oshirish, biznes loyihalariga kreditlar ajratishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Fargʻona viloyati tijorat banklari tomonidan 2019-yilda barcha moliyalash manbalari hisobidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 25 ming 587 ta subyektlarga 3 trillion 227 milliard soʻm kredit mablagʻlari ajratilishi natijasida 6 ming 548 ta yangi ish oʻrni yaratildi. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 32 ming 139 ta loyihalarga 583,7 milliard soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari ajratildi.
2020-yilda aholi va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari boʻyicha imtiyozli kreditlar “Agrobank”, “Xalq banki” va “Mikrokreditbank” tomonidan amalga oshirilishi belgilangan boʻlib, viloyatimizda 400 milliard soʻm imtiyozli kreditlar ajratilishi koʻzda tutilmoqda. Shuningdek, Jahon bankining “Fargʻona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasi doirasida 200 million dollarlik mablagʻlarini oʻzlashtirish rejalashtirilgan. Mazkur loyiha doirasida qishloq joylarda tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish maqsadida Jahon bankining imtiyozli resurs mablagʻlari hisobidan kredit summasi 125 ming dollargacha boʻlgan loyihalarga, klaster usulidagi tadbirkorlarga 2 million dollargacha boʻlgan imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Imtiyozli kreditlar qishloq joylarda intensiv bogʻdorchilik va sugʻorish tizimlari, zamonaviy issiqxonalar, meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, kalibrovka, saralash va qadoqlash, muzlatgichli omborxonalar, chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, tuyachilik, otchilik, asalarichilik, qishloq xoʻjaligi texnika va texnologiyalari, hunarmandchilik, kasanachilik, turizm, oziq-ovqat maxsulotlari ishlab chiqarish kabi yoʻnalishlarga beriladi. Imtiyozli kreditlardan foydalanish boʻyicha Asaka bank, Oʻzsanoatqurilishbank va Ipoteka banklarning boshqaruvlari tomonidan bosh kelishuv bitimlari imzolandi.
Shuningdek, tez kunlarda “Qishloq qurilish bank”, “Turon bank”, “Xalq banki”, “Agrobank”, “Mikrokreditbank”, “Savdogarbank”, “Madad invest bank” va “Universal bank”larning loyihada ishtirok etishi kutilmoqda.
Turobjon QUNDUZOV,
Markaziy bankning Fargʻona viloyati bosh
boshqarmasi boshligʻi.