Fargʻonada karantin qoidalarini buzgan ayol jazolandi
Fargʻonada karantin qoidasini buzib, ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat burchlarini bajarishiga qarshilik koʻrsatgan ayol maʼmuriy qamoqqa olindi.
Fargʻonada karantin qoidasini buzib, ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat burchlarini bajarishiga qarshilik koʻrsatgan ayol maʼmuriy qamoqqa olindi.
Bu haqda Fargʻona shahar maʼmuriy sudi raisi Solijon Qurbonov OʻzA muxbiriga maʼlum qildi.
Bugungi kunda karantin qoidalariga amal qilish barcha fuqarolarning burchidir. Bu bilan nafaqat oʻz sogʻligini asraydi, balki infeksiyani jilovlashga ham oʻz hissasini qoʻshadi. Afsuski, baʼzi bir shaxslar karantin qoidalarini mensimasdan, ularga amal qilmay vaziyatga notoʻgʻri baho bermoqda. Ichki ishlar organlari xodimlari talablariga boʻysunmaslik haqida uydirmalar tarqatayotganini qanday tushunish mumkin.
M. Haydarova 2020-yil 29-mart kuni soat 14:00larda karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo boʻlishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joyida niqobsiz yurgan. Bu ham yetmaganidek, u jamoat joyi boʻlgan Fargʻona shahar markaziy dehqon bozorida baqir-chaqir qilib, toʻplangan ommani oʻziga jalb qilib, oʻz vazifalarini bajarib, kartoshka sotilayotgan joyda toʻplangan fuqarolarni tegishli tartibda tushuntirish berib tarqatayotgan IIB xodimlarini oʻz xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik koʻrsatgan. Ommaviy tartibsizlik keltirib chiqarishga harakat qilgan.
Huquqbuzarga nisbatan toʻplangan hujjatlar Fargʻona shahar maʼmuriy sudi tomonidan koʻrib chiqilib, M.Haydarova Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida Kodeksning 54 va 195-moddasida koʻrsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, besh sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.
Fargʻona shahrida yashovchi A.Rahimov, T.Tillaboyeva va O.Madazimovalar ham karantin qoidalarini mensimadi. Ular tunda jamoat joyida niqobsiz, mast holda huqubuzarlik sodir etdi. Joriy yil 29-mart kuni tungi soat 22:15lar chamasida Fargʻona shahar Sh.Rashidov koʻchasi 25-uy oldida oʻtiran vaqtlarida baqir-chaqir qilib, IIB xodimining qonuniy talabini bajarmasdan uni uyatli soʻzlar bilan soʻkib, fuqarolarning osoyishtaligini buzgan. Voqea joyidan qochib yashirinmoqchi boʻlgan vaqtda IIB xodimlari tomonidan ushlangan.
Bundan tashqari, sud majlisida mazkur huquqbuzarlik kelib chiqishga asosiy sababchi boʻlganlardan biri huquqbuzar T.Tillaboyeva muqaddam Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 190-moddasi (fohishalik bilan shugʻullanish) bilan maʼmuriy javobgarlikka tortilgan boʻlib, oʻziga tegishli xulosa chiqarmasdan yana huquqbuzarlik sodir etganligi aniqlandi.
Fargʻona shahar maʼmuriy sudi tomonidan A. Rahimovga 12, T. Tillaboyevaga 10 va A. Madazimovaga 8 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.