Fargʻonada ipak qurti parvarishi boshlandi
Fargʻona viloyati Toshloq tumanida ”Yangi yoʻl” mahalla fuqarolar yigʻinida ipak qurti parvarishi boshlandi.
Fargʻona viloyati Toshloq tumanida ”Yangi yoʻl” mahalla fuqarolar yigʻinida ipak qurti parvarishi boshlandi.
Bu yil tumanda 3 ming 250 quti ipak qurti urugʻlari parvarishlanib 180 tonnadan ortiq “kumush tola” yetishtiriladi. Buning uchun 240 ta fermer xoʻjaliklari hamda 200 nafar kasanachilar bilan belgilangan tartibda mehnat shartnomalari imzolandi.
Ayni kunda ipak qurti urugʻlarini parvarishlash, ozuqa bazasi uchun muhim boʻlgan tut nihollari hosildorligini oshirish borasida amaliy ish olib borilmoqda. “Navbahor” va “Oq oltin” muqobil mashina traktor parki hududlarida 21 gektar maydonda kasanachilik asosida tut plantatsiyalari tashkil etildi. Bu yerda 65 nafar kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bandligi taʼminlandi.
–Ipak qurti urugʻlari plyonka usulida boqiladi,– deydi “Toshloqagropilla” masʼuliyati cheklangan jamiyati raisi Farrux Abdujabborov. – Bu samarali usul oʻziga xos jihatlari bilan ajralib turadi. Avvalo ozuqa bazasi tejaladi, ipak qurti urugʻlari rivojlanish jarayoni tezlashadi. Natijada hosildorlik ortadi, ipakchinlik miqdori yuqori boʻladi. Joriy yil toʻrt mavsumda ana shunday samarali va istiqbolli loyiha asosida ipak qurti urugʻlari parvarishlanadi.
Maʼlumot oʻrnida aytganda, bu yil viloyatda 45 ming 360 quti ipak qurti urugʻlari parvarishlandi, 2500 tonnadan ortiq sanoat xomashyosi olinadi. Shu maqsadda 3857 ta fermer xoʻjaliklari hamda 5894 ta kasanachilar bilan kontraktatsiya shartnomalari tuzildi. 174 gektar maydondagi yangi tut plantatsiyalariga 548 ming donadan ortiq tut koʻchatlari oʻtqazildi.