Fargʻonada 2 ta hududda “yoshlar daftari” hamda “ayollar daftari” shakllantirilmoqda
Fargʻona viloyatida 43 mingdan ortiq yordamga muhtoj va kambagʻal oilalardagi ishsizlarning bandligini taʼminlash va manzilli qoʻllab-quvvatlash borasida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Fargʻona viloyatida 43 mingdan ortiq yordamga muhtoj va kambagʻal oilalardagi ishsizlarning bandligini taʼminlash va manzilli qoʻllab-quvvatlash borasida aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 13 ming 661 tasi mahalliy kengashlarning qarorlari bilan kambagʻallik darajasidan chiqarildi. 59 mingta ijtimoiy himoyaga muhtoj va koʻp farzandli oilalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, yolgʻiz qariyalar, oʻz daromadini yoʻqotgan vaqtincha ishsiz boʻlgan shaxslarga isteʼmol tovar mahsulotlari, dori vositalari hamda naqd pullar sektor aʼzolari va mahalla fuqarolar yigʻinlari xodimlari tomonidan yetkazib berildi. 35 ming 830 ta oilalarning 142 ming 620 nafar aʼzolariga 31 milliard 376 million soʻm miqdorida moddiy yordam mablagʻlari tarqatildi.
Ayni kunlarda joylarda bu yoʻnalishdagi ishlar tizimli davom ettirilmoqda. Umuman olganda, “temir daftar” har bir ehtiyojmand oilaga kirib borib, ularni ijtimoiy himoyalash va manzilli yordamlashishda muhim oʻrin tutmoqda. Endilikda davlatimiz rahbarining topshirigʻi asosida muhtoj ayollar va yoshlar istiqomat qiladigan oilalargacha kirib borishi boʻyicha yangi ish tartibi belgilandi. Mahalla, tuman, shahar va viloyat kesimida “yoshlar daftari” va “ayollar daftari” shakllantiriladigan boʻldi. Ayni kunlarda viloyatda Margʻilon shahri va Beshariq tumani tanlab olinib, tajriba sifatida bir qator ishlar boshlab yuborildi.
Fargʻona shahrida “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ni shakllantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarga bagʻishlangan matbuot anjumanida jarayon xususida maʼlumotlar berildi.
Viloyat hokimi oʻrinbosari Fayzullo Qosimov, Yoshlar ishlari agentligi markaziy apparati boʻlim boshligʻi Abdulaziz Moʻminov, “Mahalla va oila” ilmiy tadqiqot institutining xodimi Gulnoza Mardiyeva va boshqalar yangi tashkil etilayotgan yoshlar va ayollar daftarlari kasb-hunar oʻrgatish, bandlikni taʼminlashda manzilli yondashuvni kuchaytirishga xizmat qilishini alohida taʼkidladi.
Hozirda ishchi guruhlar tomonidan Margʻilon shahri va Beshariq tumanida ishsiz yoshlar boʻyicha alohida hamda ishsiz va boquvchisiz xotin-qizlar boʻyicha daftarlarning roʻyxatlarini shakllantirishda xatlov ishlari olib borilmoqda. Hozirga qadar 7 mingdan ortiq yoshlar va ayollar roʻyxatga olinib, elektron bazaga kiritilmoqda.
– Pandemiya davrida “Temir daftar” ehtiyojmand oilalarni manzilli qoʻllab-quvvatlashda katta samara berdi, – deydi viloyat hokimi oʻrinbosari F.Qosimov. – Endilikda bu ezgu saʼy-harakatlarning qamrovi yana-da kengayib, ishsiz yoshlar va ayollarning turmush sharoiti oʻrganib chiqilmoqda. Daftarlar shakllantirilganidan soʻng, ularning bandligini taʼminlash, kasb-hunar oʻrgatish kabilarga eʼtibor qaratiladi. Masalan, Margʻilonda hunarmandchilik orqali koʻplab ish oʻrinlari yaratish hamda daromad manbaini topish mumkin.
Matbuot anjumanida OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga javob berildi.