Fargʻonada 2 ming 258 ta uy-joy quriladi
Bugungi kunda Fargʻona shahri har tomonlama obod boʻlib, muhtashamlik kasb etib bormoqda.
Bugungi kunda Fargʻona shahri har tomonlama obod boʻlib, muhtashamlik kasb etib bormoqda. Oʻtgan yili koʻp qavatli arzon uy-joylar qurish dasturi doirasida 9 ta 7 qavatli, 378 xonadondan iborat yangi uylar qurilishi toʻliq yakunlandi va foydalanishga topshirildi.
Mazkur shaharda nafaqat koʻp qavatli uylar, balki ijtimoiy-iqtisodiy sohalar obyektlari, savdo, madaniyat, servis va xizmat koʻrsatish singari inshootlar qurilishi ham jadallik bilan olib borilmoqda. Bunyodkorlik ishlari jarayonida zamonaviy va tejamkor texnologiyalar, bino-inshootlarning dizayni, meʼmoriy yechimi, landshaft arxitekturasi kabi omillarga ham jiddiy eʼtibor qaratilayotgani eʼtiborga sazovordir.
Ayni damda viloyat markazida Prezident maktabi qurilishi qizgʻin davom etyapti. Sentyabr oyidan ilk oʻquvchilarni qabul qilishi rejalashtirilgan muhtasham taʼlim maskanida kelajagimiz vorislari maʼnan va jismonan barkamol boʻlib kamolga yetishlari uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo etilyapti. Zamonaviy oʻquv binolari, axborot-kutubxona markazi, sport majmuasi, yotoqxona shular jumlasidandir.
–Prezident maktabida yaratilayotgan qulayliklar farzandlarimizning eng yuksak orzu-umidlarini roʻyobga chiqarishga xizmat qiladi, – deydi quruvchi Baxtiyor Vallomov. – Bunday imkoniyatdan foydalanib, aʼlo baholarga oʻqish, bir necha xorij tillarini oʻrganish, yurtimiz dovrugʻini butun dunyoga doston qilish kerak.
“Fayz Binokor Oltiariq” korxonasi bunyodkorlari tomonidan ikki qavatli mazkur maktab qurilishi koronavirus pandemiyasi davrida qurilish sohasida belgilangan meʼyor va talablarga toʻliq amalga qilgan holda olib borilmoqda.
Shu kunlarda shahar markazining Alisher Navoiy koʻchasida tadbirkorlar tomonidan 11 ta 12 qavatli – 1584 ta xonadondan tashkil topgan uy-joylar qurilmoqda. Bu borada belgilangan rejaga koʻra, yaqin yillarda ushbu majmuada koʻp qavatli uy-joylardan tashqari meʼmoriy yechimi bir-birini takrorlamaydigan yana koʻplab bino-inshootlar barpo etiladi.
Shuningdek, Fargʻona shahrida tajriba tariqasida tadbirkorlarimiz 16 qavatli uylar qurilishiga kirishdilar. 2 ta 16 qavatli – 160 xonadondan iborat yangi uylar joriy yil yakuniga foydalanishga topshirilishi koʻzda tutilgan. Hozirgi kunda “Shahar qurilish invest” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurilish ishlari karantin davrida belgilangan tartib-qoidalarga toʻliq rioya etilgan holda davom ettirilmoqda.
Bugun Fargʻona shahrida ilmiy salohiyati jihatidan mamlakatimizda nufuzli mavqega ega bir necha oliy taʼlim muassasalari faoliyat koʻrsatmoqda. Viloyat markazida Osiyo va Yevropaning mashhur oliy taʼlim dargohlari faoliyati yoʻlga qoʻyilayotgani esa bu boradagi ishlar koʻlamini sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.
Fargʻona shahrida Janubiy Koreyaning xalqaro universiteti uchun yangi bino qurilishi ishlari nihoyasiga yetkazilyapti. Loyiha qiymati 36,4 milliard soʻm boʻlgan ushbu obyektda pardozlash, hududni obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Demak, yaqin kunlarda Fargʻonada navqiron avlod uchun yana bir ilm-maʼrifat maskani oʻz quchogʻini ochadi. Zamonaviy bu taʼlim maskanida bugungi davr talabiga raqobatbardosh malakali mutaxassislar tayyorlashga kirishiladi.