Fargʻona filologiya maktabi: kecha va bugun
Ona tili – millat gʻururi, oʻzligimiz, madaniyatimizning betakror timsolidir.
Ona tilim – oltin sandigʻim
Ona tili – millat gʻururi, oʻzligimiz, madaniyatimizning betakror timsolidir.
Shu boisdan ham u haqida gapirganda, Navoiyning dunyolarga dovrugʻ taratgan asarlarini, beqiyos sheʼriyatimizu ulkan xazinaga teng boʻlgan maʼnaviy boyliklarimiz koʻz oʻngimizda namoyon boʻladi.
Fargʻona davlat universitetining oʻzbek tili va adabiyoti yoʻnalishida ham tilshunoslik va adabiyotshunoslik mutaxassisliklari boʻyicha yuqori malakali pedagogik kadrlar tayyorlash boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Oʻtgan davrda universitetda oʻzbek tilshunosligi va adabiyotshunosligi fani taraqqiyoti uchun salmoqli hissa qoʻshgan 3 nafar akademik, 20 nafarga yaqin fan doktori, professorlar yetishib chiqdi. Kezi kelganda taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Xalq shoirlari – Oxunjon Hakimov, Enaxon Siddiqova va Iqbol Mirzo ham filologiya fakulteti bitiruvchilaridir.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, 2017-yildan Fargʻona davlat universiteti huzurida oʻzbek tili va adabiyoti ixtisosligi boʻyicha ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash faoliyat yuritib kelmoqda. Kengash tarkibiga respublikamizning 15 nafar taniqli olimi kiritilgan boʻlib, ularning 8 nafari universitet olimlari hisoblanadi. Bu ham fargʻonalik filolog olimlarga boʻlgan katta ishonch natijasidir.
Universitetda muhtaram Prezidentimizning 2019-yil 21-oktyabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
– Farmon asosida oliygohimizda oʻqitish sifatini oshirish maqsadida yangi, oʻzbek tili va adabiyoti kafedrasi tashkil etildi, – deydi universitet filologiya fakulteti dekani, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Zokirjon Rahimov. – Oʻtgan davrda mahallalar va mehnat jamoalarida keng koʻlamli targʻibot-tushuntirish ishlari olib borildi. Viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda Fargʻona, Margʻilon va Quvasoy shaharlari, Quva, Toshloq, Yozyovon, Qoʻshtepa, Oltiariq, Rishton va Fargʻona tumanlari, viloyat korxona va tashkilotlarida mazkur Farmon ijrosi yuzasidan oʻrganishlar oʻtkazilib, uslubiy yordam koʻrsatildi. Qolaversa, viloyat axborot-kutubxona markazida Aziz Qayumov nomidagi “Ona tili va adabiyoti” toʻgaragi tashkil etildi. Professor-oʻqituvchilarimiz tomonidan mazkur toʻgarak mashgʻulotlari reja asosida oʻtkazib borilmoqda.
Oʻzbek tili nufuzini koʻtarishga xizmat qilayotgan yuqoridagi hujjat ijrosiga tayanib, professor Muhammadjon Hakimov Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi, “Reklama toʻgʻrisida”gi, “Tashqi yozuvlar toʻgʻrsida”gi Qonunlarning yangi tahririni ishlab chiqish, professor Siddiq Moʻminov 2020-2030-yillarda oʻzbek tilini rivojlantirish hamda til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi loyihasini ishlab chiqish yuzasidan respublika ishchi guruhi tarkibida faoliyat olib borgani diqqatga sazovordir.
Hozirda yetakchi tilshunos va adabiyotshunos olimlar tomonidan hududiy muammolarga bagʻishlangan 10 dan ortiq risola va qoʻllanmalar nashrga tayyorlanayotgani, kelgusi oʻquv yilida oʻzbek tili va adabiyoti yoʻnalishi boʻyicha bakalavr va magistr mutaxassislarni tayyorlash yuzasidan vazirlikka takliflar kiritish rejalashtirilgani ham ana shu ishlarning mantiqiy davomidir.
Farmonda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash borasidagi amaliy ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda. Bularning barchasi mamlakatimizda ona tilimizni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash, uning nufuzini yana-da yuksaltirishga qaratilayotgan ulkan eʼtibor va gʻamxoʻrlikning amaldagi yorqin ifodasidir.
Fargʻona davlat universiteti Axborot xizmati.