Farg‘ona-Botken: hamkorlik ko‘lami yanada kengaymoqda
Farg‘ona tumanidagi qabullar uyida Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniev Botken viloyati gubernatori Akram Madumarov bilan uchrashdi.
Farg‘ona tumanidagi qabullar uyida Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniev Botken viloyati gubernatori Akram Madumarov bilan uchrashdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasida barcha sohalarda hamkorlik yo‘lga qo‘yilayotgani ikki tomon uchun ham katta imkoniyatlar yaratmoqda. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, qisqa vaqt ichida chegaraoldi viloyatlar o‘rtasida yaxshi qo‘shnilik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Xususan, Farg‘ona va Botken viloyatlari istiqbolli va keng ko‘lamli hamkorlikka alohida e’tibor qaratmoqda.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi aloqalar kengayib borayotgani, xususan, chegara hududlarida ko‘plab muammolar amaliy hal etilayotgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 3 oktabrda qabul qilingan “Farg‘ona viloyatining turistik salohiyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Farg‘ona tumanidagi “Shohimardon” va “Yordon” mahalla fuqarolar yig‘inida turizmni rivojlantirish konsepsiyasi asosida ko‘plab ishlar amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Tadbirda ana shu boradagi tashkiliy ishlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
– Shohimardonga borayotgan mehmon avvalo Qadamjoy tumaniga qadam qo‘yadi, – deydi Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniev. – Bilamizki, bu zaminda ham ko‘plab tarixiy yodgorliklar, so‘lim maskanlar bor. Turizm sohasini rivojlantirishda Shohimardon va Qadamjoy hamkorligini yo‘lga qo‘yish bugun zaruriyatga aylandi.
Shuningdek, uchrashuvda madaniy-ma’rifiy va iqtisodiy sohalarda ham do‘stlik va hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama etildi.