Faqat pasport bilan kredit olish imkoni mavjud
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida AT “Aloqabank” faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
AT “Aloqabank” aholiga ko‘proq xizmat turlarini joriy qilish maqsadida yil boshida 11 ta kontakt markazi tashkil etgan bo‘lsa, hozirgi kunda bu markazlar soni 77 tani tashkil etmoqda. Mazkur markazlar 39 tumanda joylashgan. Ushbu markazlar orqali 16 turdagi xizmat turlari joriy etilgan.
Bankda yangi “zumrad” ilovasi ishga tushdi. U bir qator afzalliklarga ega. Jumladan, avtoto‘lov, internet, bog‘cha, maktab, kredit to‘lovlari, kommunal to‘lovlar plastik kartochkangizdan avtomatik yechib olinib, plastik kartochkada to‘lovlar tarixi saqlanib qoladi. Bundan tashqari, plastik kartochkaning qoldig‘iga yillik 17 foiz ustama haqi to‘lab beriladi. Bu mobil ilovadan oson foydalanish mumkin. Plastik kartochkani ochishda bank mijozi bo‘lish talab qilinmaydi.
Omonatlar bo‘yicha yil boshidan 340 milliard so‘mdan ortiq aholi omonati jalb qilingan bo‘lsa, uning 60 milliardga yaqini bevosita mobil ilova orqali yo‘lga qo‘yilgan.
Matbuot anjumanida mutasaddilar bank tomonidan joriy etilgan qator yangiliklar haqida ma’lumot berdi. Jumladan, endi kredit rasmiylashtirish maqsadida "Ish haqi to‘g‘risida ma’lumotnoma" olish uchun ishxonada bosh hisobchiga murojaat qilish, turli xil boshqa hujjatlar yig‘ish, rahbarning imzosini kutish shart emas. AT "Aloqabank"da faqat pasport bilan kredit olish imkoniyati mavjud.
Boshqa ma’lumotlar sizning roziligingiz asosida tegishli davlat organlari va ma’lumotlar bazalaridan olinadi. Qarz oluvchi hamda birgalikda qarz oluvchilar va jismoniy shaxs bo‘lgan kafil shaxslarning ma’lumotlari ham ularning roziligi bilan tegishli davlat organlari va ma’lumotlar bazalaridan olinadi.
Matbuot anjumanida mutaxassislar jismoniy shaxslarga iste’mol, mikroqarz, onlayn mikroqarz, avtokredit, uy-joy uchun kreditlar ajratish to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlar berishdi.
– Bank tomonidan ajratilgan kreditlarning 20 foizi uy-joy kreditlari hissasiga to‘g‘ri keladi, – deydi AT “Aloqabank” Kreditlash va bankning investitsion faoliyatini muvofiqlashtirish departamenti direktori Akmal Xolmurodov. - Moliya vazirligi tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan 20 yil muddatga, 20 foiz boshlang‘ich to‘lov belgilangan holda, yillik ustama haqqi 18 foiz sharti bilan ipoteka kreditlari berilayapti. Bundan tashqari, boshlang‘ich badalning 10 foizini subsidiya tartibida Moliya vazirligi tomonidan qoplab berish amaliyoti mavjud.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA