Namangan shahridagi “Diyor” tantanalar majmuasida 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Namangan viloyatidagi jome’ masjidlarda faoliyat yuritayotgan imom-xatiblar, O‘zbekiston Musulmonlari idorasining hududlardagi vakillari, mehnat faxriylari va ilm toliblari ishtirok etdi. Samimiy ruhda kechgan muloqot avvalida O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazarovning diniy idora tizimida mehnat qilayotgan yoshlarga murojaatnomasi o‘qib eshittirildi.
O‘zbekiston Musulmonlari idorasining Namangan viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Musoxon Abbosiddinov, viloyat hokimligining diniy va jamoat tashkilotlari bilan aloqalar kotibiyati mudiri Ahadjon Mirzayev, diniy soha faxriysi, “Do‘stlik” ordeni sohibi Xorunxon Ayubxonov yurtimizda yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida xayrli islohotlar amalga oshirilayotgani, buning yorqin samaralari diniy ta’lim-tarbiya yo‘nalishida ham o‘z aksini topayotganligini ta’kidladi.
Muftiy murojaatnomasida qayd etilganidek, diniy sohamiz miqyosida oladigan bo‘lsak, o‘tgan davr mobaynida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim shakllantirildi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro islom akademiyasi, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari yoshlar uchun ziyo maskaniga aylanmoqda.
Taqqoslaydigan bo‘lsak mamlakatimizda 2017 yilgacha bitta oliy diniy ta’lim muassasasi bo‘lsa, ularning soni oxirgi yetti yilda to‘rttaga yetdi.
Yoshlik insonga tuhfa etilgan bebaho ne’mat. Oltinga teng damlarda ta’lim olgan, kasb-hunar o‘rgangan, vaqtini qadrlagan borki baxtu saodatga erishmoqda. Respublikamizdagi din va e’tiqod erkinligining amaldagi ifodasi sifatida bugungi kunda Namangan viloyatida 192 ta jome’ masjid faoliyat yuritmoqda. Ularda ishlayotgan 30 yoshgacha bo‘lgan imom-xatiblar 63 nafarni tashkil etadi. Qolaversa, Namangan shahridagi “Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurtida 150 nafar talaba islomshunoslik yo‘nalishida ta’lim olmoqda.
[gallery-18082]
– Namangan viloyati markazidan 40 kilometr olis manzilda joylashgan diniy muassasada uzoq yillardan buyon faoliyat yuritib kelaman. Bugungi soha yoshlariga chin ma’noda havas qilaman. Biz 1990 yillarda og‘ir mashaqqat va qiyinchiliklarni boshdan kechirganmiz, – deydi Mingbuloq tumanidagi “Qo‘shqishloq” jome’ masjidi imom xatibi Abdug‘ofir Hakimov. – Hattoki, madrasada o‘zimga ajratilgan oziq-ovqatlarni tejab iste’mol qilib, uyimga olib borgan paytlar ham bo‘lgan. Ham o‘qish, ham ro‘zg‘or borasida muammolarga yo‘liqqanmiz. Hozir esa o‘qiyman, izlanaman degan yoshlarga barcha sharoitlar muhayyo etilgan, faqat ilmga bo‘lgan intilish va g‘ayrat bo‘lsa kifoya.
Tadbirda tajribali ustoz-murabbiylarning yurtimiz, dinimiz ravnaqi yo‘lidagi tavsiyalari tinglandi. Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti uchun xayrli duolarga qo‘l ochilib, uchrashuvning barcha ishtirokchilariga esdalik sovg‘alari topshirildi.
Oqilxon Dadaboyev,
Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA