Faoliyat sarhisobi – samaradorlik mezoni
Jahon tajribasidan bilamizki, rivojlangan mamlakatlarda milliy parlamentlarning ish samaradorligi, parlamentariylar sa’y-harakatlarining sifat ko‘rsatkichlari, qabul qilinadigan qonun hujjatlarining mukammalligi, ilmiy asoslantirilganligi hamda o‘zida inson huquqlari va xalq manfaatlarini to‘laqonli ifoda etishi parlamentga ilmiy ekspertlik va ilmiy tadqiqot xizmatini ko‘rsatuvchi «aqliy markaz»lar ishining natijadorligiga bevosita bog‘liq.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 22 dekabrda Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan Murojaatnomasida «Oliy Majlis huzurida Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti Oliy Majlisga kelayotgan turli takliflarni chuqur tahlil qiladigan, ta’bir joiz bo‘lsa, elakdan o‘tkazadigan ilmiy markaz bo‘lishi lozim», deya ta’kidlagan edilar.
Shu asosda 2017 yil 29 dekabrda o‘z faoliyatida Oliy Majlis palatalariga hisobdor bo‘lgan davlat ilmiy tadqiqot ekspert muassasasi – Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tashkil etildi.
Ta’kidlash joiz, Institut o‘z faoliyatini oshkoralik tamoyillari asosida amalga oshirib kelmoqda. Shu maqsadda joriy yilning 9 oyi davomidagi ishlar sarhisobi natijalarini ham keng jamoatchilikka havola etishni lozim topdik.
Jumladan, Institut tomonidan Ijro intizomi idoralararo yagona elektron tarmog‘i orqali jami 643 ta xat yuzasidan 555 ta javob xati yuborildi va muddat doirasidagilar bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.
Faoliyatning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, qonunchilik muammolarini va huquqni qo‘llash amaliyotini tahlil qilish yo‘nalishida:
Institut tomonidan qonun loyihalari yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 28 ta ilmiy xulosa taqdim etilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasining «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi; «O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartish kiritish to‘g‘risida»gi; «Standartlashtirish to‘g‘risida»gi; «Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimi takomillashtirilayotganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi; «Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi; «Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida»gi; «Pochta aloqasi to‘g‘risida»gi; «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi; «Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi; «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida»gi; «Chiqindilar to‘g‘risida»gi; «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi; «Yer osti boyliklari to‘g‘risida»gi; «Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida»gi; «Texnik jihatdan tartibga solish to‘g‘risida»gi; «O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi; «Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi; «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi; «Raqobat to‘g‘risida»gi; «O‘simliklarni himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihalari shular jumlasidandir.
Shuningdek, Oliy Majlis Senatiga amaldagi qonunlarning monitoringini amalga oshirishga doir ishlarda ko‘maklashilib, bu jarayonda 23 ta, shu jumladan, «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida»gi; «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi; «Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida»gi; «Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to‘g‘risida»gi; «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi; «Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida»gi; «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi; «Ona suti bilan oziqlantirishni qo‘llab-quvvatlash hamda go‘daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to‘g‘risida»gi; «Qishloq xo‘jaligi korxonalarini sanatsiya qilish to‘g‘risida»gi; «Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida»gi; «Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida»gi qonunlarning amaldagi ijro holati bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar tayyorlanib, taqdim etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, deputatlar va senatorlar faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan ta’minlash, ularning professionallik darajasini oshirishga ko‘maklashish yo‘nalishida:
Institut tomonidan parlamentariylar so‘roviga asosan quyidagi masalalarda jami 82 ta axborot-tahliliy ma’lumot tayyorlanib, 22 tasi Qonunchilik palatasiga, 27 tasi Senatga va 33 tasi boshqa davlat organlariga taqdim etildi:
chet el davlati fuqaroligini olgan shaxslarga muqaddam fuqaroligi bo‘lgan davlatni xabardor qilish tartibi hamda xorijiy davlatlarda fuqarolikni olishda shaxslarga qo‘yiladigan talablar va javobgarlik masalalari;
xorijiy tashkilotlarning loyihalarini amalga oshirish borasidagi chet el davlatlari parlamentlari tajribasini o‘rganish natijalari;
O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish, tugatish va yo‘qotish masalalari;
yo‘l harakati xavfsizligi sohasiga oid aniqlangan muammo va kamchiliklar, ularni bartaraf etish choralari;
reklama to‘g‘risidagi qonunchilik va bu sohaning bugungi tahlili;
«Psixiatriya yordami ko‘rsatish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini takomillashtirish xususida;
«O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi yuzasidan;
O‘zbekiston Respublikasining «Yo‘l harakatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qonuni loyihasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi qarori loyihasini o‘rganish yakunlari bo‘yicha xorijiy davlatlar tajribasi;
O‘zbekiston Respublikasi «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi va «Davlat mulkini boshqarish to‘g‘risida»gi qonunlar loyihalari yuzasidan;
mahalliy Kengashlar sessiyalarini jonli efirga uzatish masalalari;
qonun loyihalarini buyurtma asosida tayyorlash va xorijiy mamlakatlar parlamentlari tomonidan qonun loyihalariga buyurtma berish tartibi haqida;
Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisining Davlat Dumasi va uning qonun ijodkorligi faoliyatini o‘rganish natijalari to‘g‘risida;
sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda vujudga kelayotgan muammolar va ularni bartaraf etish choralari yuzasidan.
Bundan tashqari, Oliy Majlis Senatiga:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yengil sanoat va charm sanoati korxonalarida xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilishning holati yuzasidan parlament so‘rovi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida;
«Oqila ayollar» harakatini tashkil qilish hamda davlat boshqaruvida ayollar faolligini oshirish dasturini ishlab chiqish;
«Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari» bo‘yicha milliy so‘rovnoma;
xorijiy davlatlarda mahalliy vakillik organlari reglamenti hamda mahalliy vakillik organlari nazorati bo‘yicha qonunchilik tajribasini o‘rganish yakunlari;
O‘zbekiston Respublikasining energetika sohasida shartnomaviy majburiyatlarni taraflar tomonidan bajarilishi;
mahalliy Kengashlar sessiyalarini jonli efirga uzatish masalasini o‘rganish natijalari;
«Xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarining sanoat xavfsizligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan ijrosi ta’minlanganligi, qonunosti hujjatlari qabul qilinganligining holati hamda ularning amalda qo‘llanilishini o‘rganish natijalari;
«Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining yer qa’ri uchastkalarida oltin izlovchilar usulida qimmatbaho metallarni qazib olishga oid qismining ijro etilishi holatini o‘rganish yakunlari;
Toshkent shahri ko‘chalarida yo‘l harakati ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash hamda yuzaga kelayotgan avtomobillar tirbandliklarini bartaraf etish masalalarini o‘rganish natijalari yuzasidan takliflar tayyorlanib, taqdim etildi.
Hisobot davrida Institut tomonidan parlament palatalarining 2 ta qarori loyihalariни, chunonchi, Oliy Majlis palatalarining “Mening fikrim” veb-portali orqali kelib tushgan elektron jamoaviy murojaatlarni ko‘rib chiqish samaradorligini ta’minlash to‘g‘risida»gi Qo‘shma qarori loyihasi hamda Qonunchilik palatasi Kengashining «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutining 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risida»gi qarori loyihasi ishlab chiqilishida ko‘maklashildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining faoliyatini takomillashtirishga doir 7 ta axborot-tahliliy ma’lumotnoma tayyorlanib, taqdim etildi. Qonunchilik palatasi majlislarini jonli efirga uzatishga doir ishlar sifati va samaradorligini oshirish, deputatlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishni yanada takomillashtirish, qonun loyihasini Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritishgacha bo‘lgan jarayon samaradorligini oshirish, deputat so‘rovini yuborish institutini takomillashtirish va bunda fraksiyalar rolini oshirish, Qonunchilik palatasida «hukumat soati» institutini o‘tkazish tartibini takomillashtirish masalalari shular jumlasidandir.
Parlamentarizm, xalqaro parlamentlararo tashkilotlar va xorijiy parlamentlar ishi tajribasini o‘rganish natijalari asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining faoliyatini takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish yo‘nalishida:
Oliy Majlis palatalariga MDH Parlamentlararo Assambleyasining 115 ta model qonunlari va boshqa hujjatlar loyihalari yuzasidan ilmiy asoslantirilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, taqdim etildi. Jumladan, «Sun’iy intellektdan foydalanishni, shu jumladan tadqiqot va ishlanmalar uchun axloqiy standartlarni normativ tartibga solish bo‘yicha tavsiyalar», «Ta’lim sohasida raqamlashtirishni normativ tartibga solish bo‘yicha tavsiyalar», «Ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat sub’ektlarini davlat attestatsiyasi (akkreditatsiyasi) to‘g‘risida»gi, «Ilmiy va ilmiy-texnik ekspertiza to‘g‘risida»gi, «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi, «Chegara qo‘shinlari (kuchlari) to‘g‘risida»gi, «Tamaki tutunining zararli ta’siridan fuqarolar salomatligini saqlash haqida»gi, «MDHga a’zo davlatlarda raqamli makonni yaratish va uning infratuzilmasini tartibga solish to‘g‘risida»gi, «Teatr va teatr faoliyati to‘g‘risida»gi, «Fan va texnologiya sohasidagi intellektual faoliyat natijalariga bo‘lgan huquqlarni tijoratlashtirish to‘g‘risida»gi, «MDHga a’zo davlatlarning ichki ishlar organlari (politsiya) tomonidan qo‘llaniladigan atamalar lug‘ati va kriptovalyutalar hamda boshqa raqamli aktivlardan noqonuniy maqsadlarda foydalanishda jamoat xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq tushunchalar haqida»gi, «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi huquqbuzarliklarga chek qo‘yish to‘g‘risida»gi, «MDHga a’zo davlatlar uchun namunaviy Soliq kodeksi Maxsus qismi 3-bobi – «Soddalashtirilgan soliqqa tortish tizimi» yuzasidan takliflar, «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi, «Raqamli huquqlar to‘g‘risida»gi, «Jamoat xavfsizligi haqida»gi, «Milliy xavfsizlik to‘g‘risida»gi, «Asalarichilik to‘g‘risida»gi, «Ekologik xavfsizlik to‘g‘risida»gi, «Ishlab chiqarish chiqindilari va iste’mol qilish to‘g‘risida»gi, «Ekologik ma’lumotni olish to‘g‘risida»gi, «Ekologik fondlar to‘g‘risida»gi, «Xalqaro kuzatuv to‘g‘risida»gi, «Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida»gi, «Davlat va munitsipalitet (kommunal) mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida»gi, «Davlat va munitsipal xizmatlar to‘g‘risida»gi, «Munitsipal mukofotlar to‘g‘risida»gi, «Ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat sub’ektlarini davlat attestatsiyasi (akkreditatsiyasi) to‘g‘risida»gi, «Ilmiy va ilmiy-texnik ekspertiza to‘g‘risida»gi, «Investitsiya va ishonchli bank faoliyati to‘g‘risida»gi, «Raqamli sog‘liqni saqlash to‘g‘risida»gi, «Organik qishloq xo‘jaligi to‘g‘risida»gi model qonunlar va boshqa hujjatlar, shuningdek, MDHga a’zo davlatlar o‘rtasida iqtisodiy xavfsizlikni rivojlantirish sohasidagi hamkorlikni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Xalqaro hamkorlik yo‘nalishida Institut rahbariyati tomonidan xalqaro va xorijiy tashkilotlar vakillari bilan hamkorlik aloqalariga tegishli masalalar yuzasidan 7 marotaba uchrashuvlar tashkil etildi.
Bundan tashqari, tahririyat-nashriyot faoliyatida joriy yilning o‘tgan davrida Institut tomonidan qonunchilik muammolari va norma ijodkorligi sohasida ilmiy-amaliy tadqiqot materiallari, ilmiy maqolalar, milliy va xorijiy qonunchilikning qiyosiy tahlilini o‘z ichiga olgan «Qonunchilik muammolari axborotnomasi» davriy nashrining 2022 yildagi 3 ta soni nashrdan chiqarildi.
Shuningdek, Institut tashabbusi bilan «Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar parlamentlari», «Aholi ishtirokida tumanni rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish» hamda «Gender-huquqiy ekspertiza» nomli 3 ta ilmiy-amaliy qo‘llanma tayyorlandi.
O‘z navbatida, Institut tomonidan tayyorlangan va chop etilgan jurnal, qo‘llanma, to‘plam, risola va boshqa nashrlarning elektron shakli kelgusi faoliyatda foydalanish uchun parlament palatalari kutubxonalariga, O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga va u orqali hududlardagi axborot-resurs markazlariga, respublikamizdagi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga bepul tarqatildi.
Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonidagi ishtirok:
Institut jamoasi Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida faol ishtirok etmoqda. Shuningdek, 9 nafar ilmiy xodim Konstitutsiyaviy komissiyaning Takliflar bilan ishlash guruhi, 4 nafar ilmiy xodim Konstitutsiyaviy komissiyaning Yig‘ma axborot-tahlil guruhi huzuridagi Ekspertlar guruhi tarkibida samarali faoliyat yuritib kelishmoqda.
2022 yilning 26 may – 18 iyul kunlari davomida Institut jamoasining jami 181 ta taklifi (shundan 112 tasi birinchi bosqichda, 69 ta taklif ikkinchi bosqichda) Konstitutsiyaviy komissiyaga yuborildi.
Bundan tashqari, Konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan, shu jumladan, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining targ‘iboti yuzasidan Institut xodimlari 100 ga yaqin targ‘ibot tadbirlarida ma’ruzalar bilan ishtirok etishdi.
Xalq bilan muloqot yo‘nalishida:
O‘tgan davr davomida “Mening fikrim” veb-portaliga fuqarolar tomonidan 647 ta elektron jamoaviy murojaat kelib tushgan bo‘lib, ulardan ta’lim, qurilish, tadbirkorlik, turizm, cog‘liqni saqlash, kommunal xo‘jalik kabi sohalarga oid 17 ta elektron jamoaviy murojaat veb-portalga joylashtirildi. Fuqarolar tomonidan 341 ta izoh qoldirildi.
2022 yil 10 mart kuni Oliy Majlis palatalarining “Mening fikrim” veb-portali orqali kelib tushgan elektron jamoaviy murojaatlarni ko‘rib chiqish samaradorligini ta’minlash to‘g‘risida»gi Qo‘shma qarori qabul qilinib, Ishchi komissiyaning yangi tarkibi tasdiqlandi.
Ochiqlikni ta’minlash yo‘nalishida:
Hisobot davrida Institut xodimlari 688 marotaba turli tadbirlar (365 ta oflayn va 323 ta onlayn shakl)da ishtirok etib, qonunchilikdagi dolzarb masalalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan 107 ta davra suhbati va ilmiy seminarlarda o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi.
Shuningdek, ushbu davr mobaynida Institut xodimlarining markaziy bosma, elektron va xalqaro nashrlarda qonunchilikdagi dolzarb masalalar va amaldagi islohotlarning mazmun-mohiyatini tushuntirishga qaratilgan 138 ta ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalari e’lon qilindi.
O‘tgan davrda Institutning rasmiy veb-saytida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy Majlis palatalarining veb-saytlarida e’lon qilingan 761 ta yangiliklar joylashtirildi.
Hisobot davrida amalga oshirilgan ishlar OAV va ijtimoiy tarmoqlarda jami 811 marotaba, shu jumladan, Oliy Majlis palatalari veb-saytlarida 89, markaziy bosma nashrlarda 45, telekanallar orqali 41, feysbuk va telegram ijtimoiy tarmoqlari orqali 248, milliy axborot agentligi saytida 58 marta yoritildi.
Institut xodimlari telekanallar orqali efirga uzatilgan 34 ta axborot va tahliliy ko‘rsatuvlarda ishtirok etishdi.
Institutning ijtimoiy tarmoqlar (Facebook va Telegram)dagi sahifalari orqali aholining keng qatlami (8,5 mingdan ortiq obunachi)ga qonunchilikdagi yangiliklar, huquqiy-ijtimoiy masalalar bo‘yicha axborotlar berib borilmoqda.
Amalga oshirilgan ishlar haqida uzoq gapirish mumkin. Bir so‘z bilan aytganda, bugungi sarhisob natijalari kelgusi faoliyatimiz samaradorligining muhim mezoni hisoblanadi.
Foziljon OTAXONOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi
Qonunchilik muammolari va parlament
tadqiqotlari instituti direktori,
yuridik fanlar doktori, professor