Faol tadbirkorlarning e’tirof etilishi besamar ketmaydi
Mamlakatimizda tadbirkorlik muhitini yaxshilash, ishbilarmonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash taraqqiyotga erishishning muhim shartlaridan biri sanaladi.
Keyingi olti-yetti yilda sohani rivojlantirish bo‘yicha qator yangi qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Buning natijasida yuzdan ortiq litsenziya va ruxsatnoma bekor qilindi. Amalda mavjud ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartiblari esa soddalashtirildi.
Yaratilayotgan qulaylik va imkoniyatlar besamar ketmayotir. Yangi tadbirkorlik sub’ektlari soni tez ko‘paymoqda. Ishlayotganlari faoliyatlarini har tomonlama kengaytirmoqda. Tadbirkorning ko‘payishi xalqning, davlatning boy bo‘lishiga xizmat qiladi. Har bir yangi loyiha ish o‘rinlarini yaratadi. Ish o‘rinlari esa aholi daromadini oshirib, yurt ravnaqiga xizmat qiladi.
Joriy yil ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoyishi bilan bir guruh ishbilarmonlar «Faol tadbirkor» ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
E’tirof etilganlar orasida Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi «Zahro yulduzi» chorvachilik fermer xo‘jaligi boshlig‘i Anvar Kenjayev ham bor.

– Mamlakatimizda tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanishga harakat qilaman, – deydi «Faol tadbirkor» ko‘krak nishoni sohibi Anvar Kenjayev. – Buning natijasida xo‘jaligimiz faoliyati yildan-yilga kengayib bormoqda. Dastlab yigirma gektar maydonda paxta va g‘alla ekish bilan faoliyat boshlagan edim. Asosiy rivojlanish 2018 yildan keyin boshlandi. Bu davrda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligiga aylandik. O‘ttizdan ortiq zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari xarid qildik. Hozir ekin yerimiz to‘rt yuz gektarga yetdi. Besh yuz boshdan ortiq naslli qoramol parvarish qilyapmiz. Ikki yuz kishini ish bilan ta’minlaganmiz. «Faol tadbirkor» deb e’tirof etilganimdan xursandman, bu butun jamoamizga yangi marralar sari kuch bag‘ishlaydi.
Xo‘jalik tomonidan o‘tgan yili besh yarim milliard so‘mga avtomatlashtirilgan sog‘in joyi qurildi. G‘alla va paxtadan yuqori, sifatli hosildorlikka erishish uchun yetakchi xorijiy davlatlar olimlari bilan hamkorlik qilinmoqda.
Darhaqiqat, yurtimizning ishlab chiqarish va eksport salohiyatini yuksaltirish borasida samarali mehnat qilayotgan bu kabi ishbilarmonlar ushbu mukofotga munosib ko‘rilishi yaxshi an’anaga aylandi. Bu rag‘bat esa besamar ketmaydi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA