Faol tadbirkorlar safi kengaymoqda
Tadbirkorlik – tashabbus, mehnat va matonatni talab qiladigan mas’uliyatli soha. O‘z ishini yo‘lga qo‘yib, yangi ish o‘rinlari yaratayotgan va hududlar iqtisodiyotiga katta hissa qo‘shayotgan tadbirkorlarning mehnati esa munosib e’tirofga loyiq, albatta.
Bugungi kunda mamlakatimizda tadbirkorlikni, jumladan, tadbirkor xotin-qizlar uchun qulay muhit va shart-sharoit yaratish orqali ularni qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Natijada esa eng chekka hududlarda ham o‘z kasb-kori, biznesi bilan daromad topayotgan, yurt ravnaqiga hissa qo‘shayotgan tadbirkor va hunarmand ayollar safi tobora kengaymoqda.
Navoiy viloyati, Qiziltepa tumanining Malikobod mahallasida faoliyat yurituvchi Ulash Shomiyeva ham bundan 5 yil avval 6 nafar ishchi bilan ro‘mol tikishni boshlagan edi. Vaqt o‘tishi bilan kichik korxona katta jamoaga aylandi. Ishlab chiqarish hajmi ham yildan-yilga oshib bormoqda.

– Ikki ming yigirma birinchi yili faoliyatimni boshlagan edim, – deydi Ulash Shomiyeva. – Bugungi kunga kelib, korxonamizda yuz-yuz ellik nafar xodim mehnat qilmoqda. Asosan, ishsiz, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bor xotin-qizlarimiz bilan faoliyat yuritib kelamiz. Faoliyatimizni kengaytirishimizga Ijtimoiy himoya agentligi ham o‘z hissasini qo‘shdi. Hozircha har xil turdagi ro‘mollar ishlab chiqaryapmiz. Ro‘mollarimiz soni yetti mingtadan oshadi.
Bugun bu yerda mehnat qilayotgan har bir xodim uchun ish nafaqat daromad manbai, balki bu o‘z kasbiga ega bo‘lish, oilasiga ko‘mak berish va ertangi kunga ishonch bilan qarash imkoniyati hamdir.
Qahramonimizning samarali mehnati va aholi farovonligini oshirishga qo‘shgan hissasi e’tiborsiz qolmadi. U davlatimiz rahbarining joriy yil 13-avgustdagi “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi farmoyishiga binoan “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Albatta, faol tadbirkorlarga qaratilayotgan e’tibor ularni yuksak marralar sari chorlamoqda. Bu o‘z navbatida hududlarning iqtisodiy o‘sishi hamda aholining farovon turmush kechirishiga xizmat qilmoqda.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri