“Faol fuqarolar haftaligi”: Orolbo‘yida tadbirlar boshlandi
Nukusda “Fuqarolik jamiyati institutlari O‘zbekistonda barqaror rivojlanishning faol omili sifatida” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
“Yuksalish” umummilliy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘linmasi tashabbusi bilan Faol fuqarolar haftaligi doirasida o‘tkazilgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Adliya vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi, jamoat birlashmalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasi doirasida mamlakatimizda faol fuqarolik jamiyatini rivojlantirish istiqbollari, islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi 4-5 yil ichida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari mustaqilligi va faoliyat erkinligini ta’minlash, ularning qonuniy huquqlari, manfaatlarini himoya qilish choralari ko‘rildi. NNTlar va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining 1270 dan ortiq loyihasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Davlat byudjetidan 117 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘ ajratildi.

Fuqarolik jamiyati institutlari joylarda muammolarni aniqlash va jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdan tortib, davlat idoralari bilan birga ijtimoiy ahamiyatli muammolarni hal qilishgacha islohotlar jarayonining asosiy ishtirokchisiga aylanmoqda. Xususan, ijtimoiy buyurtma asosida nodavlat notijorat tashkilotlari hududlardagi haqiqiy holatni aniqlash, turli darajadagi muammolarni chuqur tahlil qilish, yechimini topish va jamoatchilik nazoratini ta’minlash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishga jalb qilinmoqda.
Davra suhbatida barqaror rivojlanishga erishish va tub o‘zgarishlarni amalga oshirish uchun jamoatchilikning keng ishtiroki zarurligi qayd etildi. Shu ma’noda, O‘zbekiston davlat va jamiyatning barcha sohalarini tubdan isloh qilish bosqichini boshidan kechirayotgan mamlakat sifatida fuqarolarning qarorlar qabul qilish jarayonidagi ishtirokini kengaytirish, siyosiy institutlarni demokratlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish g‘oyalariga sodiqdir.
So‘nggi yillarda mahalliy infratuzilma, fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish mexanizmlari maqsadga muvofiq ravishda takomillashtirilmoqda, kafolatlar mustahkamlanmoqda. NNTlar faoliyati bo‘yicha qonunchilikni sezilarli darajada liberallashtirish boshlandi. Masalan, jamoat tashkilotlari faoliyatini cheklovchi byurokratik moneliklar bekor qilindi. Nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan chet el grantlarini olish va ulardan foydalanishdagi to‘siqlar olib tashlandi. Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat boji stavkalari 5 baravarga, soliq yuki ikki baravarga kamaytirildi.
Nodavlat notijorat tashkilotlariga adliya organlari bilan bog‘liq barcha xizmatlarni elektron shaklda taqdim etish imkoniyatini beruvchi e-ngo.uz portali ishga tushirildi. 2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish Konsepsiyasining qabul qilinishi O‘zbekistonning fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish va jamoat institutlarining rolini kuchaytirishga sodiqligini yana bir bor namoyish etdi.
Konsepsiya 2025 yilgacha ustuvor yo‘nalishlar va maqsadli ko‘rsatkichlarni belgilab berdi. Xususan, NNTlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shaklida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash hajmi oshdi.
Davra suhbati yakunida O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tavsiya va takliflar bildirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA