FAO va O‘zgidromet o‘rtasida hujjat imzolandi
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hamda Gidrometeorologiya xizmati markazi o‘rtasida qo‘shma loyiha hujjati imzolandi.
FAOning submintaqaviy koordinatori Viorel Gutsuning mamlakatimizga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tgan tadbir yangi loyihani amalga oshirish, respublikada iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatni muvofiqlashtirish muhokamasiga bag‘ishlandi.
“O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha milliy harakatlarni va ko‘rsatilayotgan texnik yordamni kuzatish bo‘yicha integratsiyalashgan va kengaytirilgan shaffoflik tizimini yaratish bo‘yicha salohiyatni oshirish” deb nomlangan ushbu loyiha Global ekologik jamg‘arma (GEJ) tomonidan moliyalashtiriladi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi ijrochi agentlik hisoblanadi.
– Loyiha birinchi navbatda O‘zbekistonning atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha milliy ustuvor yo‘nalishlariga mos kelishi bilan ahamiyatli, – dedi Viorel Gutsu. – Hujjat iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishni kuchaytirish va issiqxona gazlari emissiyasini monitoring qilish salohiyatini oshirishga qaratilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, mazkur loyiha Parij kelishuvi doirasida yangi kengaytirilgan shaffoflik asosiga o‘tishga tayyorgarlik ko‘rishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ishlab chiqilgan. BMTning Iqlim o‘zgarishi konvensiyasi doirasida tuzilgan ushbu kelishuv atmosferadagi karbonat angidridni kamaytirish chorasini tartibga soladi.
Ushbu maqsadga erishish uchun har bir mamlakat iqlim bo‘yicha individual majburiyatni ishlab chiqqan. Ular milliy darajada issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va iqlim o‘zgarishi oqibatiga moslashish bo‘yicha muayyan mamlakatlarning sa’y-harakatini aks ettiradi.
Qayd etish joiz, Parij kelishuvida iqlim o‘zgarishi oqibatini yumshatish va mamlakatda iqlim o‘zgarishiga moslashishni tartibga solish bilan bog‘liq boshqa qoidalar ham mavjud. Global darajada shaffof monitoring, hisobot berish va mamlakatlarning ushbu sohadagi maqsadlariga tezroq erishish uchun asos yaratish orqali iqlim o‘zgarishi oqibatini yumshatish va moslashish borasidagi choralar kelishib olingan.
O‘zbekiston hukumati 2017 yil 19 aprelda rasman Parij kelishuvini imzolagan va 2018 yil noyabrda uni ratifikatsiya qilgan edi. Hujjatni imzolash orqali yurtimiz boshqa davlatlar qatorida global havo haroratining o‘rtacha ko‘tarilishini Selsiy bo‘yicha 2 darajadan sezilarli darajada past ushlab turish majburiyatini olgan.
O‘zbekistonning milliy miqyosda belgilangan hissasi 2030 yilga borib yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari emissiyasini 2010 yil darajasiga nisbatan 35 foizga qisqartirish, iqlim o‘zgarishining salbiy ta’sirini kamaytirish va moslashuvchan salohiyatni oshirish bo‘yicha harakatni davom ettirish vazifasini belgilab beradi. FAOning qayd etilgan loyihasini amalga oshirish doirasida O‘zbekistonda monitoring, hisobot berish va tekshirish tizimi ishlab chiqiladi.
O‘zgidromet hukumat qarori bilan iqlim o‘zgarishi va Parij kelishuvini amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi tashkilot etib belgilangan. O‘zgidromet o‘z vakolatlari doirasida mamlakatning iqlim bo‘yicha majburiyati, jumladan, milliy xabarlarni, inventarizatsiya bo‘yicha hisobotlarni, milliy darajada belgilangan miqdoriy majburiyatlarni bajarilishi bo‘yicha hisobot tayyorlash va taqdim etish uchun mas’ul hisoblanadi.
B.Xudoyberdiyev O‘zA