Fanlar olimpiadalari g‘oliblari taqdirlandi
Joriy yil noyabr oyida Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan va umumta’lim maktablarining 9-11-sinf, kasb-hunar maktablari hamda akademik liseylarning 1-2-kurs talabalari o‘rtasida respublika fanlar olimpiadasining Andijon viloyat bosqichi bo‘lib o‘tgan edi.
O‘tkazilgan olimpiadada 8 ta – ona tili va adabiyot, rus tili, o‘zbek tili, ingliz tili, nemis tili, fransuz tili, tarix va geografiya fanlari bo‘yicha 1 ming 644 nafar o‘quvchi o‘z bilimini sinovdan o‘tkazgan. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 72 nafar o‘quvchi g‘olib deb topilgan.
Yangi yil bayrami oldidan fanlar olimpiadalari viloyat bosqichida g‘olib deb topilgan o‘quvchilarni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbirda so‘z olgan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Ismoil Mirzayev va boshqalar tomonidan mamlakatimizda yosh avlodni bilimli, barkamol qilib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotganligi, yoshlarning bilim, mahorat va iste’dodlarini yuzaga chiqarishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotgani, bunda fanlar olimpiadasiining o‘rni va roli muhim ekanligi ta’kidlandi.
Fanlar olimpiadalari viloyat bosqichi g‘oliblariga tegishli diplom, esdalik sovg‘alari va pul mukofoti olishi uchun maxsus sertifikatlar topshirildi.
[gallery-15118]
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari