Nukus shahrida fizika, biologiya, kimyo fanlaridan asosiy fan olimpiadasining O‘zbekiston Respublikasi bosqichi g‘oliblari aniqlandi.
Ikki kun davom etgan mazkur fan olimpiadasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan jami 127 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.
Fan olimpiadasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Fan olimpiadalar markazi bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi ta’limining muhim sohasining fan olimpiadalari, ko‘rik-tanlovlar va musobaqalar o‘tkazish bo‘yicha nazariy, amaliy bilimlar almashish turli fanlar, ayniqsa, STEM fanlarining o‘qitilishiga alohida e’tibor qaratish, Nukus shahrida xalqaro fan olimpiadalarini birgalikda o‘tkazish, o‘quvchilarni xalqaro olimpiadalarga manzilli tayyorlash maqsadida memorandum imzolandi.
Fan olimpiadasi yakunida biologiya fanidan birinchi o‘rinni Buxoro viloyatidan Fazliddin Hamroyev, ikkinchi o‘rinni Toshkent shahridan Abdurahmon Yoqubjonov, uchinchi o‘rinni Qashqadaryo viloyatidan Farangiz Yoqubova, fizika fanidan birinchi o‘rinni Farg‘ona viloyatidan Nozimjon Shavkatjonov, ikkinchi o‘rinni Xorazm viloyatidan Dilshodbek Rajabov, uchinchi o‘rinni Toshkent shahridan Ildar Xashayev egallagan bo‘lsa, kimyo fanidan birinchi o‘rinni Toshkent shahridan Abdulaziz Abdurashidov, ikkinchi o‘rinni Toshkent shahridan Daler Rahimov, uchinchi o‘rinni Toshkent viloyatidan Ibrohim Temurov qo‘lga kiritdi.
[gallery-22506]
G‘oliblarga tashkilotchilar tomonidan sertifikat, pul mukofotlari hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA