Fan olimpiadasi: eng munosiblar g‘olib bo‘ldi
Andijonda biologiya fanlari doktori, professor Tolibjon Madumarov nomidagi biologiya fani olimpiadasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan viloyatdan yetishib chiqqan olim, professor hamda akademiklar sharafiga viloyat fan olimpiadalari o‘tkazilishi an’anaga aylandi. Mazkur loyiha doirasida shu kunga qadar akademik S. Zaynobiddinov, professorlar R. Shamsuddinov, A. Nurmonov, S. Rahimov, I. Asqarov sharafiga fizika, tarix, ingliz tili, ona tili va adabiyoti, kimyo fanlaridan umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida fan olimpiadalari o‘tkazildi.
Mamlakatimiz biologiya fanining yetuk olimlaridan biri, biologiya faniga oid qator ilmiy va uslubiy qo‘llanmalar muallifi, professor Tolibjon Madumarov sharafiga o‘tkazilgan biologiya fani olimpiadasida juda ko‘p o‘quvchi yoshlar o‘z bilimini sinovdan o‘tkazdi.
[gallery-6524]
Fan olimpiadasi bahslarining tuman, shahar bosqichlarida 2 ming nafardan ziyod o‘quvchi ishtirok etdi. Ular orasida yuqori natijalarga erishgan 150 nafar yosh qimyogar viloyat bosqichida g‘oliblik uchun bahslashgan.
Paxtaobod tumanidagi 34- umumta’lim maktabida o‘tkazilgan fan olimpiadasi viloyat bosqichining yakuniy natijalariga ko‘ra, Andijon tumanidagi 10- davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati 10- sinf o‘quvchisi Roziya Yoqubjonova birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Umuman, mazkur fan olimpiadasida 15 nafar o‘quvchi g‘olib, deb topildi.
G‘oliblar viloyat xalq ta’limi boshqarmasining diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA