Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini amaliy tadqiqot loyihasi doirasida olishni nazarda tutuvchi "Loyiha doirasida ilmiy daraja" dasturi yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini amaliy tadqiqot loyihasi doirasida olishni nazarda tutuvchi "Loyiha doirasida ilmiy daraja" dasturi yo‘lga qo‘yiladi.
Dastur doirasida ilmiy loyihalarni amalga oshirishning shunday tartibi o‘rnatiladiki, unga ko‘ra:
a) Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan ustuvor ilmiy ixtisosliklar bo‘yicha muddati uch yildan ko‘p bo‘lmagan tadqiqot loyihalari uchun har yili bir marta tanlov e’lon qilinadi;
b) tadqiqot loyihasida ishtirok etuvchi doktorant loyiha rahbari tomonidan tanlov asosida qabul qilinadi hamda loyiha rahbari bir vaqtning o‘zida doktorantning ilmiy rahbari hisoblanadi;
v) doktorant tadqiqot loyihasi bajarilayotgan tashkilotning izlanuvchisi hisoblanadi va unga tayanch doktorantura uchun belgilangan miqdorda stipendiya to‘lanadi;
g) tadqiqot loyihasi davrida falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyani himoya qilgan tadqiqotchi loyihasining ilmiy hisoboti ekspertizadan o‘tkazilmaydi;
d) Dastur ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida ajratilgan mablag‘lar va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
j) Dastur doirasida tayyorlanadigan doktorantlar soni Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tayanch doktoranturaga har yili ajratiladigan qabul kvotasini shakllantirishda hisobga olinmaydi.
Ilmiy darajalar berishda 2027-yil 1-yanvardan boshlab quyidagi tartiblar bekor qilinadi:
a) chet tili fanidan malakaviy imtihon topshirish, mustaqil izlanuvchilar bundan mustasno;
b) Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan dissertatsiya mavzularini ro‘yxatdan o‘tkazish va dissertatsiya himoyasi to‘g‘risida e’lon berish;
v) dissertatsiyani yetakchi tashkilotda muhokamadan o‘tkazish;
g) ijtimoiy-gumanitar fanlar sohalari bo‘yicha fan doktori (DSc) ilmiy darajasi uchun tayyorlangan dissertatsiya natijalari yuzasidan monografiya e’lon qilish;
d) dissertatsiya avtoreferatini chop etish;
j) dissertatsiya ilmiy natijasi amaliyotga joriy etilganligi to‘g‘risida xulosa olish;
z) Oliy attestatsiya komissiyasining fan tarmoqlari bo‘yicha ekspert kengashi tomonidan dissertatsiyani ilmiy ekspertizadan o‘tkazish;
i) himoya qilingan dissertatsiya bo‘yicha ilmiy kengash qarorini Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan tasdiqlash;
k) ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyati uchun jalb qilingan chet ellik fuqaroning xorijda olgan ilmiy darajasi to‘g‘risidagi hujjatlarini nostrifikatsiya qilish. Bunda ilmiy daraja to‘g‘risidagi hujjat uning O‘zbekistondagi faoliyati davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadi.
O‘zA