“Falonchi tanishim bor” deganlar zamoni qachon tugaydi?!
Asrlar davomida dunyoning deyarli barcha davlatlari korrupsiyaga qarshi kurash olib bormoqda. Chunki korrupsiya oddiy qonunbuzarlik emas, davlat taraqqiyotini sekinlashtiruvchi, adolat tamoyillarini yemiruvchi, odamlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchini sindiruvchi eng xavfli illatlardan biridir. Eng achinarlisi, bu muammo ayrim hollarda jamiyatda oddiy holdek qabul qilinmoqda.
Aslida korrupsiya faqat katta mansabdorlarning millionlab pullarni o‘zlashtirishi emas. U kundalik hayotdagi juda “oddiy” ko‘rinadigan holatlardan boshlanadi. Bog‘chadagi tarbiyachiga farzandga ko‘proq e’tibor qaratishi uchun sovg‘a berish, maktabda oldingi partaga o‘tirishi yoki yaxshi baho olishi uchun “iltimos qilish”, shifokor bemorga “chin dildan” qarashi uchun cho‘ntagiga pul solish, ishga kirishda tanish-bilish qidirish - bularning barchasi korrupsiyaning ildizidir.
Ko‘pchilik “hamma shunday qiladi”, “boshqacha iloj yo‘q” degan fikr bilan o‘zini oqlaydi. Ammo shu kichik holatlar keyinchalik katta jinoyatlarga yo‘l ochadi. Bugun ustozga “sovg‘a” berishni odatiy hol deb bilgan bola ertaga lavozimga kelgach, porani ham tabiiy hol deb qabul qilishi mumkin.
So‘nggi paytlarda mamlakatimizda ketma-ket korrupsion jinoyatlar fosh etilgani bu illatning qanchalik chuqur ildiz otganini yana bir bor ko‘rsatdi. Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq korrupsion sxema bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Tergov davomida ayrim sobiq mansabdorlar va vositachilar fuqarolardan noqonuniy ravishda millionlab dollar yig‘gani ma’lum bo‘ldi. Odamlar esa xorijda halol mehnat qilib oilasini boqish umidida bor-budini sotib, qarzga kirib pul bergan.
Bu yerda eng og‘riqli jihat, insonlarning orzusi va ishonchi sotilganidir. Kimdir farzandining kelajagi uchun uyini garovga qo‘ygan, kimdir yillar davomida yig‘gan mablag‘ini topshirgan. Natijada esa ayrim nopok kimsalar insonlarning umidini boylik orttirish vositasiga aylantirgan.
Yoki Samarqanddagi holatni olaylik. Oddiy tadbirkordan “muammoni hal qilib berish” evaziga minglab dollar talab qilinmoqda. Bu yerda pora faqat pul olish emas, tadbirkorning mehnatini, vaqtini va ishonchini talashdir. Chunki halol ishlab, soliq to‘lab turgan inson noqonuniy talab sabab yana ortiqcha xarajat qilishga majbur bo‘lmoqda.
Bank tizimidagi holatlar esa yanada xavfli. Inson bankka pulini ishonib topshiradi. Agar o‘sha omonat ham soxta hujjatlar bilan o‘zlashtirilsa, odamlarning moliyaviy tizimga bo‘lgan ishonchi ham butkul yo‘qoladi.
Buxoroda hokim o‘rinbosarining pora bilan qo‘lga olinishi ham achinarli holat. Bunday mansab aslida xalqqa xizmat qilish uchun beriladi. Ammo ayrimlar lavozimni boylik orttirish vositasiga aylantirmoqda. Suv masalasida qiynalgan fermer yordam so‘rab murojaat qiladi, biroq uning muammosidan foydalanib pul talab qilinadi. Bu oddiy jinoyat emas odamlarning rizqiga xiyonatdir.
Yana bir xavfli jihat, korrupsiyaning asta-sekin insonlarning ongida “qadriyat”ga aylanib borishidir. “Shunday qilmasa ish bitmaydi”, “hamma qiladi”, “ozgina minnatdorchilik-ku” degan qarashlar illatni yanada kuchaytiradi. Vaholanki, poraning “kichigi” bo‘lmaydi. U qanday nom bilan atalmasin, mohiyatan baribir poraligicha qolaveradi.
Dinimizda ham pora qat’iy qoralanadi. Hadislarda pora beruvchi ham, oluvchi ham, vositachi ham la’natlangani bejiz emas. Chunki pora insonni halollikdan uzoqlashtirib, vijdonini o‘ldiradi. Inson bundan vaqtincha foyda ko‘rishi mumkin, ammo baribir bir kun qilmishi oldida javob beradi. Xalqimizdagi “Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yildan keyin ham chiqadi” degan maqol ham aynan shu haqiqatni anglatadi.
Bugun korrupsiyaga qarshi kurash faqat huquq-tartibot organlarining vazifasi emas. Bu har bir fuqaroning mas’uliyati. Ota-ona farzandiga halollikni o‘rgatmasa, ustoz adolatni singdirmasa, jamiyat o‘zi bu illatga qarshi turmasa, faqat jazolar bilan muammoni hal qilib bo‘lmaydi. Korrupsiyaga qarshi kurash avvalo oiladan boshlanishi kerak. Bola “ishga kirish uchun tanish kerak” degan gapni emas, “mehnat qilsang erishasan” degan tushunchani eshitib ulg‘ayishi lozim. Shundagina jamiyat asta-sekin o‘zgaradi.
Eng muhimi, inson o‘z vazifasini halol bajarsa, topgan noni barakali bo‘ladi. Mansab vaqtinchalik, boylik o‘tkinchi. Ammo izzat, obro‘ va xalq hurmati yillar davomida qoladi. Omma oldida sharmanda bo‘lib, pushaymonda yashagandan ko‘ra, kamtarona bo‘lsa ham halol mehnat bilan kun ko‘rish ming bora afzal!
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA