Falastinning yangi hukumati qasamyod qildi
WAFA axborot agentligi xabar qilishicha, Falastin Bosh vaziri etib tayinlangan Muhammad Mustafo 31-mart kuni qasamyod qabul qildi. Prezident Mahmud Abbos yangi hukumat ishg‘ol ostidagi Sharqiy Quddus, G‘arbiy Sohil va qamaldagi G‘azo sektorida to‘liq hokimiyatga ega ekanini aytdi.
Vazirlar Mahkamasining birinchi yig‘ilishiga raislik qilgan Prezident o‘z vazifasini qonun doirasida amalga oshirish uchun barcha vakolatga ega yangi hukumat keng ko‘lamli institutsional islohot o‘tkazish, barcha falastinliklarga sifatli xizmat ko‘rsatish niyatida ekanini ta’kidladi.
– Biz imkon darajasida G‘azoga gumanitar yordam ko‘rsatish, sektor va G‘arbiy Sohilni qayta tiklash, Falastin iqtisodiyotini jonlantirishga harakat qilamiz, dedi Abbos. – Siyosiy maqsadimiz ozodlik, mustaqillikka erishish va ishg‘oldan xalos bo‘lish. Shu bilan birga Falastin davlatini Birlashgan Millatlar Tashkilotining to‘laqonli a’zosiga aylantirish uchun tegishli arab va xorijiy tomonlar bilan hamkorlik qilamiz.
Ma’muriyat Falastin hududlarini birlashtirish va milliy yarashuvga erishish yo‘lidagi faoliyatni davom ettirishini aytib, yangi hukumat barcha hududlar, xususan bosib olingan Sharqiy Quddusda umumiy va prezidentlik saylovini tashkil etishga tayyorgarlik ko‘rishini ta’kidladi.
2021-yil Falastinda umumiy saylov o‘tkazilishi e’lon qilingan edi. Afsuski, Isroil ruxsat bermagani uchun Sharqiy Quddusdagi tadbir bekor qilindi. Hududda umumiy saylov oxirgi marta 2006-yil o‘tkazilgan.