Falastin Prezidenti Mahmud Abbos payshanba kuni Ramallohda isroillik faollar bilan uchrashib, uzoq muddatli tinchlik mavzusini muhokama qildi. Bu muloqot Isroil va HAMAS G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgandan keyin uyushtirildi.
– Bugun imzolangan bitim – urush tugashi va asirlar ozod etilishini olqishlayman, – dedi Abbos G‘arbiy Sohildagi Prezident saroyida yig‘ilgan Isroil tinchlik tashkilotlarining o‘nlab vakillariga. – Bir necha oy oldin AQSH Prezidenti Donald Tramp falastinliklarni haydab chiqarish rejasini ishlab chiqqan edi, keyin bu unutildi. Biz o‘z vatanimizda qolamiz, G‘azo, G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda Falastin davlatini barpo etamiz.
Arab-Isroil Knesseti a’zosi Ayman Ode va Falastin ma’muriyati vitse-prezidenti Husayn Ash-Shayx hamrohligida minbarda so‘zlagan xushchaqchaq Abbos do‘stona kayfiyatdagi tomoshabinlar bilan yengil muloqot qildi, vaqti-vaqti bilan faollarga tabassum izo‘hor etib, hazillashib ham turdi.
AFP jurnalisti xabar berishicha, uchrashuv chog‘i ikki marta elektr ta’minoti uzilishi yig‘ilganlarni biroz sarosimaga soldi. To‘planganlar orasida faol va vijdonli harbiy xizmatchi Iddo Ilam ham bor edi. U nima uchun Isroil armiyasida xizmat qilishni xohlamaganiga izoh berdi. Abbos esa bosh barmog‘ini ko‘tarib, uni olqishladi.
– Biz boshqacha kelajak, ya’ni yahudiylar va falastinliklar o‘rtasida tinchlik o‘rnatilishini istaymiz, – dedi Isroildagi falastinliklar va yahudiy jamoalarini birlashtirishga intilayotgan “Birgalikda” fuqarolik jamiyati harakati hamraisi Rula Dovud.
Muloqot davomida kecha ertalab Isroil va Abbos rahbarligidagi Fath partiyasi dushmani – HAMAS o‘rtasida erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi tafsiloti muhokama qilinmadi.
Prezident Isroilning 12-kanaliga bergan intervyusida uzoq kutilgan kelishuvga erishilgandan keyin falastinliklar va isroilliklar o‘rtasida tinchlik o‘rnatilishiga umid bildirdi. Darvoqe, Falastin yetakchisining Isroil matbuotida chiqishi kamyob hodisa:
– Bugungi voqea – tarixiy lahza. Biz G‘azo, G‘arbiy Sohil yoki Sharqiy Quddusda – tuprog‘imizda sodir bo‘layotgan qon to‘kilishini to‘xtata olamiz, deya orzu qildik va umidimiz so‘nmaydi. Qon to‘kilishi to‘xtaganidan behad xursandmiz. Ishonamizki, bu harakatlar davom etadi, o‘zaro tinchlik, xavfsizlik va barqarorlik hukm suradi. Kelishuv tirik qolgan asirlar bir necha kun ichida ozod qilinishini taqozo etadi. Bu o‘n minglab odamning hayotiga zomin bo‘lgan, og‘ir gumanitar inqiroz keltirib chiqargan ikki yillik urushni tugatish yo‘lidagi dadil qadamdir.
Darhaqiqat, mazkur bitim 2000 ga yaqin falastinlik mahbusni ozod qilish va G‘azoga gumanitar yordamni ko‘paytirish imkonini beradi.
M.Pirmatova, O‘zA