Falastin delegatsiyasining uchrashuvlari
Falastin Davlati tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mazen Shamiya rahbarligidagi delegatsiya mamlakatimizning qator vazirlik va idoralarida muzokaralar o‘tkazdi.
Falastin Davlati tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mazen Shamiya rahbarligidagi delegatsiya mamlakatimizning qator vazirlik va idoralarida muzokaralar o‘tkazdi.O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida bo‘lib o‘tgan muloqotda O‘zbekiston – Falastin munosabatlari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasidagi hamkorlikning hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Falastin Davlati tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasida bo‘ldi. Mehmonga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tarkibiy tuzilishi, siyosiy partiyalar va Ekoharakat deputatlar guruhi vakillarining faoliyati, saylovchilar bilan doimiy muloqot tizimi haqida so‘zlab berildi.
Muzokarada mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashda parlamentning roli va ahamiyatiga doir masalalar muhokama qilindi.
– Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga tashrifimiz doirasida partiyalar faoliyati, parlament imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdik, – dedi Mazen Shamiya. – Siyosiy jarayonlarda xotin-qizlarning faolligi bizda katta taassurot qoldirdi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasida bo‘lgan uchrashuvda O‘zbekiston va Falastin o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish haqida so‘z yuritildi. Mehmonlar mamlakatimiz Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Falastin turizm vazirligi o‘rtasida o‘zaro Anglashuv memorandumini imzolash, turli yarmarka va ko‘rgazmalarda ishtirok etishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.
Falastin delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasida ham muzokaralar o‘tkazdi. Unda farmatsevtika, mashinasozlik va oziq-ovqat sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, birgalikda biznes-forumlar tashkil qilishga kelishib olindi.
Falastin delegatsiyasi a’zolari Hazrati Imom (Hastimom) majmuini ziyorat qildi.