O‘quv yilini Qarshi davlat texnika universitetining Shahrisabz oziq-ovqat muhandisligi fakulteti talabalari ham yangi binoda boshlaydigan bo‘ldi.
Ta’kidlash lozimki, davlat rahbarining 2024 yil 10 dekabrdagi qarori asosida Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filiali hamda Toshkent kimyo-texnologiya institutining Shahrisabz filiali negizida Qarshi davlat texnika universiteti tashkil qilindi. Shu tariqa janubiy O‘zbekistonda muhandis kadrlar tayyorlaydigan yagona oliy o‘quv yurti barpo etildi.
[gallery-25103]
Yangi o‘quv binosi 1000 o‘rinli bo‘lib, unda 17 ta auditoriya va 12 laboratoriya xonalari mavjud. Ma’ruza zallari va axborot-resurs markazi bor. Endilikda o‘quv mashg‘ulotlari bir smenada tashkil etiladi. Natijada talabalarning o‘z ustida muntazam ishlashi va ilmiy izlanishlar olib borishi uchun vaqtlari bisyor bo‘ladi.
--Dastlab bizda 750 o‘rinli o‘quv binosi bor edi,--deydi Shahrisabz oziq-ovqat muhandisligi fakulteti dekani Adham Norqobilov. – Yillar o‘tishi bilan talabalar qamrovi oshganligi sababli yangi binoga ehtiyoj ham ortib bordi. Ana shu talablar inobatga olinib, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2023 yilda yangi 1000 o‘rinli o‘quv binosi qurilishi boshlab yuborildi. Qolaversa, 2025/2026-o‘quv yilidan bizda yangi ta’lim yo‘nalishlari ochildi. Yangi bino yangi mas’uliyat yuklaydi. O‘z navbatida, ilmga chanqoq yoshlar uchun katta imkoniyatlar yaratadi.
Ma’lumot o‘rnida: Qarshi davlat texnika universitetida ayni paytda talabalar soni qariyb 20 ming nafarni tashkil etadi. 2025/2026 o‘quv yilida universitetda bakalavriatura bo‘yicha 13 ta, magistratura mutaxassisligi bo‘yicha esa 20 ta yangi ta’lim yo‘nalishi ochildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbiri