“Faktoring va uning amalda qo‘llanilishi” risolasi tayyorlandi
AOKAda o‘tkazilgan brifingda O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasi axborot xizmati rahbari Hadiya Abdullayevaning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasining ishonch telefoniga 2024 yil davomida fuqarolar tomonidan 1 ming 371 ta murojaat kelib tushgan.
Murojaatlarning 1 ming 259 tasi savol tariqasida yoki maslahat so‘rab yuborilgani uchun aksariyati murojaat kelib tushgan vaqtning o‘zida yechilgan va savollarga javob berilgan.
Qolgan 112 ta murojaat esa tegishli ro‘yxatga olinib, o‘rganilgan.
Ushbu murojaatlar o‘z yechimini topishi ma’lum vaqt talab etilishini hisobga olgan holda yo‘nalishlar bo‘yicha o‘rganildi. Jumladan, tijorat banklaridan kredit olish va uni qaytarish masalalariga oid (29ta), bankomatlar, plastik kartalar va tijorat banklarining mobil ilovalari bilan bog‘liq holatlar (46ta), banklar tomonidan ko‘rsatilayotgan chakana xizmatlar bo‘yicha masalalar (25ta), pensiya olish bilan bog‘liq holatlarga oid (12ta) murojaatlar shular jumlasidan.
Shuningdek, Assotsiatsiya tashabbusi bilan o‘tgan 2024 yil davomida “Moliya tendensiyalari - Fintex va banklar, antifrod (ya’ni, moliyaviy firibgarlikka qarshi kurashish), Islom bankini ommalashtirish” mavzusidagi xalqaro konferensiya tashkil etildi.
O‘quv kurslari sifatini oshirish maqsadida O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasi tomonidan Osiyo taraqqiyot banki va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ekspertlari bilan video anjuman o‘tkazilib, faktoring operatsiyalarini amaliyotda qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar olindi.
Ulardan foydalangan holda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bilan hamkorlikda “Faktoring va uning amalda qo‘llanilishi” risolasi ishlab chiqildi. Ushbu risola barcha tijorat banklariga qo‘llanma sifatida taqdim etildi. Hozirda tijorat banklari tomonidan faktoring xizmatlari taqdim etilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA