Fakt va raqam: Qaysi davlatlar eng ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqaradi?
Global siyosiy va iqtisodiy jarayonni anglashda eng ishonchli manba raqamlar hisoblanadi, chunki miqdor voqelikni xolis, aniq ko‘rsatadi. “Fakt va raqam” ruknida dunyo energetikasi, iqtisodiyoti va geosiyosiy tendensiyalar xalqaro tashkilotlar hamda milliy statistika ma’lumotlari asosida tahlil qilinadi.
Mazkur ruknda har bir raqam shunchaki ma’lumot emas, balki global jarayon, resurslar uchun raqobat va strategik manfaatlarni ifodalaydi. Bu orqali o‘quvchi nafaqat xabardorligini oshiradi, balki faktning ahamiyati, ta’sirini ham tushunib yetadi.
Hozirgi zamonda iqtisodiyotning barcha sohalari uchun asosiy resursga aylangan elektr energiyasi miqdori muayyan davlatning sanoat, texnologiya va umumiy taraqqiyot darajasini belgilaydi. Ma’lumki, yer yuzi bo‘ylab elektr tokiga talab barqaror oshib boryapti. Bu jarayon sanoatlashuv, raqamli iqtisodiyot, sun’iy intellekt texnologiyasi va elektromobillar soni ortishi bilan bog‘liq. Shu bois elektr energiyasi ishlab chiqarish bugungi kunda iqtisodiy qudrat va global ta’sirni baholashda muhim indikatorga aylangan.
So‘nggi xalqaro energetika tahlili dunyoda elektr toki ishlab chiqarish bo‘yicha mutlaq yetakchi Xitoy ekanini ko‘rsatmoqda. Ushbu mamlakat yillik hisobda qariyb 10 000 teravatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu ko‘rsatkich ikkinchi o‘rindagi AQSH (4 400)dan ikki barobar yuqori. Demak, XXR global energetika tizimida yaqqol ustun. Uchinchi o‘rindagi Hindiston ham 2 000 teravatt-soat bilan eng tez o‘sib borayotgan energetika bozori sifatida namoyon bo‘lmoqda. Keyingi o‘rinlarda yirik industrial iqtisodiyotga ega yana qator davlatlar – Rossiya, Yaponiya va Braziliya joylashgan. Braziliya va Kanada asosan gidroenergetika hisobiga nisbatan yuqori ko‘rsatkichga erishmoqda. Germaniya, Janubiy Koreya va Fransiya ham 400-500 teravatt-soat atrofidagi yillik ishlab chiqarish bilan global reytingda muhim o‘rin egallab kelmoqda.
Ko‘rinib turibdiki, asosan aholisi ko‘p, sanoatlashgan davlatlar elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha dunyo iqtisodiyotida hal qiluvchi o‘rin tutadi. Ayniqsa, Xitoy so‘nggi o‘n yilda elektr energiyasi ishlab chiqarishni keskin oshirib, sanoat va eksportga yo‘naltirilgan iqtisodiyotini yanada mustahkamladi. AQSHda esa energetika tizimi diversifikatsiya qilingan bo‘lib, tabiiy gaz asosiy manba sifatida ustunlik qiladi va umumiy ishlab chiqarishning salmoqli qismini ta’minlaydi. Hindistonda esa energiyaga talab aholi soni va iqtisodiy o‘sish sababli tez sur’atda ortib boryapti. Ushbu mamlakat yaqin kelajakda yirik energiya bozoriga aylanishi tayin.
Elektr ishlab chiqaruvchi yetakchi davlatlar global iqtisodiy jarayonni shakllantirishda ham asosiy o‘rin egallamoqda. Demak,kelgusi yillarda energetika sohasidagi raqobat yanada kuchayadi.
Ishlab chiqarish bilan birga elektr toki qaysi manbalar hisobidan ta’minlanayotgani ham global energetikada hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ma’lumotga ko‘ra, dunyo bo‘yicha energiyaning taxminan 35-36 foizi ko‘mir, 22-23 foizi tabiiy gaz, 15 foizga yaqini gidroenergetika, 10 foiz atrofida atom energiyasi va qolgan qismi qayta tiklanuvchi manbalar hisobiga to‘g‘ri keladi. Garchi, an’anaviy energiya manbalari hamon ustuvor bo‘lsa-da, yashil energiya ulushi yil sayin ortmoqda. Ayniqsa, quyosh va shamol energetikasi so‘nggi yillarda juda tez rivojlanyapti.
Xitoy bu borada ham yetakchi: mamlakat ham ko‘mirga tayangan energiya tizimini saqlab qolmoqda, ham qayta tiklanuvchi energiyaga mislsiz sarmoya kiritmoqda. Dunyodagi barcha quyosh va shamol elektr stansiyalarining asosiy qismiga egalik qilayotgan Chin mamlakati global yashil energiya ishlab chiqaruvchi asosiy davlatga aylangan. To‘g‘ri, bu yurtda elektr toki ishlab chiqarish uchun ko‘proq ko‘mirdan foydalanilishi tufayli ekologiya muammosi juda dolzarb. Umuman, XXR energetika siyosatida ikki yo‘nalish – barqarorlik va o‘sish o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga harakat qilmoqda.
AQSHda energiya ishlab chiqarish tizimi muvaffaqiyatli diversifikatsiya qilingan. Tabiiy gaz asosiy manba sifatida ustun va umumiy ishlab chiqarishning 40 foizdan ortig‘ini ta’minlaydi. Shu bilan birga mamlakatda shamol va quyosh energetikasi ulushi tez o‘smoqda, ayrim shtatlarda qayta tiklanuvchi energiya asosiy manbaga aylanmoqda.
Yevropa davlatlari, xususan Germaniya va Fransiyada energetika siyosati ko‘proq dekarbonizatsiyaga tayangan, asosiy e’tibor atom va qayta tiklanuvchi energiya manbalariga qaratilmoqda. Fransiyada energiyaning asosiy qismi atom stansiyalaridan olinadi, Germaniya esa atom energiyasidan bosqichma-bosqich voz kechib, yashil energiyaga o‘tishni tezlashtirmoqda.
Hindiston va ayrim rivojlanayotgan davlatlarda energetikaga talab keskin ortayotgani sababli, ko‘mir hamon asosiy manba sifatida saqlangan. Bu yurtlarda sanoat va infratuzilma tez rivojlanib, elektr energiyasiga ehtiyoj oshmoqda. Shu bilan birga ekologik bosim ham kuchaymoqda. Braziliya va Kanada gidroenergetika resurslaridan samarali foydalanib, nisbatan toza energiya ishlab chiqarishda yetakchilik qilmoqda. Bunday siyosat uglerod chiqindisini kamaytirishda nisbatan ustunlik beradi.
Tahlil global elektr energiyasi ishlab chiqarish 2024-yil qariyb 4 foiz oshganini ko‘rsatmoqda. O‘sishning asosiy qismi Osiyo davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, kelgusi yillarda elektr energiyasiga ehtiyoj yanada ortib, ayniqsa raqamli texnologiya, ma’lumot markazlari va sun’iy intellekt rivoji bilan bog‘liq ravishda yangi bosqichga chiqadi. Shu bois energiya ishlab chiqarish nafaqat iqtisodiy o‘sish, balki texnologiya taraqqiyoti va global raqobatning asosiy omiliga aylanmoqda.
Xulosa qilib aytganda, yetakchi elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi davlatlar dunyo iqtisodiyoti va siyosiy jarayonda hal qiluvchi o‘rin egallab, energiya resurslari ustidan nazorat bo‘yicha global ta’sirni belgilamoqda. Qolaversa, energiya manbalari tarkibidagi o‘zgarish, ayniqsa yashil energiya ulushi ortishi kelajakda geosiyosiy kuchlar muvozanatiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Ya’ni, elektr energiyasi nafaqat iqtisodiy resurs, balki XXI asrning strategik va geosiyosiy quroli sifatida ham ahamiyat kasb etmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA