Fakt va raqam: Eng ko‘p migrant qabul qiladigan davlatlar
Insoniyat tarixida aholi ko‘chishi hech qachon bugungi darajaga chiqmagan. Ish o‘rni, xavfsiz muhit, yuqori daromad, sifatli ta’lim va barqaror kelajak izlab millionlab inson har yili mamlakatlar aro harakatlanmoqda. “Fakt va raqam” ruknida xalqaro migratsiya jarayoni BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti (UN DESA), Xalqaro migratsiya tashkiloti (IOM), OECD va Jahon banki kabi nufuzli manbalar ma’lumoti asosida tahlil qilinadi. Maqsad – migratsiya ortidagi demografik, iqtisodiy va geosiyosiy tendensiyani raqamlar orqali tasavvur qilish.
XXI asrda migratsiya global iqtisodiyotning ajralmas qismiga aylandi. BMT so‘nggi hisob-kitobiga ko‘ra, 2024-yil holatida tug‘ilgan yurtidan tashqarida yashayotgan insonlar 304 million nafarga yetgan. 2000-yil boshidagi miqdordan qariyb ikki barobar yuqori bu ko‘rsatkich xalqaro mehnat bozori, ta’lim tizimi va aholi tarkibidagi o‘zgarish ko‘lamini yaqqol namoyon etadi. Aholi harakati endi faqat ijtimoiy hodisa emas, balki davlatlar raqobatiga ta’sir qiluvchi omilga aylandi. Shu bois odamlar oqimi dunyo siyosati va iqtisodiyotida muhim ko‘rsatkich sifatida baholanmoqda.

Migrantlar jami soni bo‘yicha mutlaq yetakchilikni AQSH egallagan. Ushbu mamlakat hududida 52 milliondan ziyod xorijlik istiqomat qiladi. Ayni raqam ayrim yirik davlatlar aholisidan ham ko‘p. Bunday natija tasodif emas: dunyodagi eng ulkan iqtisodiyot, yuqori ish haqi, yetakchi universitetlar va shakllangan diaspora tarmog‘i Amerikani jozibador manzilga aylantirgan. Qiziq tomoni, mamlakatga keluvchilar tarkibida yuqori malakali muhandislar ham, qishloq xo‘jaligida mehnat qilayotgan ishchilar ham mavjud. Demak, “sehri diyor”da mehnat bozorining turli qatlamlariga talab yuqori.
Keyingi o‘rinlarda Germaniya va Saudiya Arabistoni. GFRda taxminan 16,8 million, Saudiyada 13,7 million migrant yashaydi. Bir qarashda bu ikki mamlakatning natijasi bir-biriga yaqindek, biroq oqim xususiyati mutlaqo farqli. Olmon diyoriga keluvchilar orasida malakali mutaxassislar, talabalar, doimiy yashash maqsadida ko‘chib kelayotgan oilalar ulushi yuqori. Saudiya iqtisodiyotida esa asosiy ulushni vaqtincha mehnat migratsiyasi ta’minlaydi: millionlab inson qurilish, xizmat ko‘rsatish, transport va energetika sohalarida faoliyat yuritadi.
Buyuk Britaniya, Fransiya va Kanada ham xalqaro aholi harakatining muhim markazlari qatoriga kiradi. Ushbu mamlakatlar jozibadorligi faqat iqtisodiy ko‘rsatkich bilan belgilanmaydi: juda ko‘pchilikni ilmiy muhit, nufuzli oliy ta’lim muassasalari, rivojlangan huquqiy tizim hamda yuqori turmush sifati jalb qiladi. Ayniqsa, Kanada so‘nggi yillarda aholi qarishini qoplash va mehnat bozori ehtiyojini ta’minlash maqsadida immigratsiya dasturi ko‘lamini kengaytirdi. Natijada mamlakat iqtisodiy taraqqiyotining salmoqli qismi aynan yangi kelganlar hisobiga shakllanmoqda.
Statistika yana bir qiziq manzarani ochib beradi. Mehnat muhojirlari soni bo‘yicha yetakchi davlatlar har doim ham aholi nufusi bo‘yicha yuqori o‘rinda emas. Masalan, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatarda xorijliklar mahalliy fuqarolardan ko‘proq. Ayrim hisobotlarga ko‘ra, bu mamlakatlarda migrantlar umumiy aholining 70-80 foizigacha yetadi. Bunday holat dunyoda juda kam uchraydi va iqtisodiyot mehnat importiga qay darajada tayanishini ko‘rsatadi.
Migratsiya xaritasiga nazar tashlanganda muhim qonuniyat ko‘zga tashlanadi: odamlar asosan yuqori daromad, barqaror institutlar va keng imkoniyat mavjud hududlarga yo‘l olmoqda. Shu bois Shimoliy Amerika, G‘arbiy Yevropa va Fors ko‘rfazi davlatlari global aholi harakatini qabul qiluvchi asosiy nuqtalarga aylangan. Mazkur tendensiya nafaqat mehnat bozori, balki shaharsozlik, ta’lim, ijtimoiy siyosat va hatto saylov jarayonini ham o‘zgartirmoqda. Boshqacha aytganda, migratsiya bugun shunchaki demografik hodisa emas, balki muayyan davlat taraqqiyotini belgilaydigan omillardan biriga aylangan.
Migratsiya uchun kurash boshlanganmi?

Uzoq vaqt davomida migratsiya asosan kambag‘al yurtlardan boy mamlakatlarga oqayotgan jarayon sifatida baholab kelingan, bugun esa vaziyat ancha murakkablashdi. Rivojlangan iqtisodiyot aholi qarishi va tug‘ilish darajasi pasayishi tufayli mehnat resurslari yetishmovchiligiga duch kelmoqda. BMT taxminiga ko‘ra, Yevropa va Sharqiy Osiyodagi qator davlatlarda mehnatga layoqatli aholi ulushi keyingi o‘n yilliklarda qisqarib boradi. Natijada ko‘plab hukumatlar migratsiyani xavf emas, balki iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish vositasi sifatida ko‘ra boshladi. Shu jihatdan qaralganda, bugun yer yuzida muhojirlarni jalb qilish uchun raqobat kuchaymoqda.
Ayniqsa, yuqori malakali kadrlar uchun kurash alohida ahamiyat kasb etmoqda. Muhandislar, dasturchilar, sun’iy intellekt mutaxassislari, olimlar va tibbiyot xodimlari juda ko‘p davlatlar iqtisodiyoti uchun strategik resursga aylandi. Kanada, Avstraliya, Germaniya va Buyuk Britaniya maxsus ball tizimi, tezlashtirilgan viza dasturi va soliq imtiyozi orqali aynan shu kasblar vakillarini jalb qilmoqda. Natijada zamonaviy migratsiya markazida endi arzon ishchi kuchi emas, balki inson kapitali turibdi. Bu holat davlatlar raqobatining yangi ko‘rinishi shakllanayotganini anglatadi.
Migrantlarni qabul qilish iqtisodiyot uchun salmoqli foyda keltirishi mumkinligi haqidagi qarash ham tobora kuchaymoqda. OECD mamlakatlarida migrantlar millionlab ish o‘rnini to‘ldirib, byudjetga soliq to‘lovi orqali hissa qo‘shmoqda. AQSHda texnologiya sohasidagi yirik kompaniyalarning ko‘plab asoschilari yoki yetakchi mutaxassislari migrantlar yoki ularning farzandlaridir. Germaniyada sanoat tarmog‘i ishchi kuchi taqchilligini qisman tashqi mehnat bozori yordamida qoplamoqda. Kanadada aholi o‘sishining asosiy qismi aynan immigratsiya hisobiga ta’minlanmoqda. Bu raqamlar aholi harakati iqtisodiy o‘sishning muhim manbalaridan biriga aylanganini ko‘rsatadi.
Mazkur jarayon murakkab savollarni ham keltirib chiqarmoqda. Katta shaharlarda uy-joy narxi ko‘tarilishi, ijtimoiy xizmatga yuklama ortishi va integratsiya masalasi ayrim davlatlarda qizg‘in siyosiy bahsga sabab bo‘lmoqda. Yevropa va Shimoliy Amerikada migratsiya ko‘plab saylov kampaniyalarida asosiy mavzular qatoriga kirib ulgurdi. Ayrim siyosiy kuchlar cheklovni kuchaytirish tarafdori bo‘lsa, boshqalar iqtisodiyot ehtiyoji tufayli ochiqroq siyosatni himoya qilmoqda. Shu sababli migratsiya bugun nafaqat demografik yoki iqtisodiy, balki siyosiy barqarorlikka ham ta’sir qiluvchi omilga aylandi.
Qiziqarli jihat shundaki, eng ko‘p migrant qabul qilayotgan davlatlarning aksari bir vaqtning o‘zida eng ko‘p odam yuboruvchi mamlakatlar bilan ham yaqin iqtisodiy aloqaga ega. Masalan, AQSH uchun Meksika va Hindiston muhim manba hisoblansa, Yevropa davlatlari uchun Turkiya, Ukraina va Shimoliy Afrika davlatlari alohida ahamiyatga ega. Fors ko‘rfazi mamlakatlari esa asosan Hindiston, Pokiston, Bangladesh va Filippindan kelgan mehnat resurslariga tayanadi. Bu holat migratsiyani alohida davlat muammosi emas, balki o‘zaro bog‘langan global tizim sifatida ko‘rish zarurligini ko‘rsatadi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, migratsiya XXI asrning eng ta’sirchan demografik jarayonlaridan biri sifatida iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiradi, mehnat bozorini qo‘llab-quvvatlaydi va yangi bilim hamda tajriba oqimini ta’minlaydi. Ayni payt ijtimoiy moslashuv, infratuzilma va siyosiy boshqaruv sohalarida yangi vazifalarni yuzaga chiqaradi. Shu bois migratsiya masalasi kelgusi o‘n yilliklarda ham davlat siyosatining markaziy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolishi kutilmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA