Startaplar va venchur kapitali: yoshlar salohiyatini qanday ro‘yobga chiqarish mumkin?
Yaxshi g‘oyani muvaffaqiyatli biznesga aylantirish uchun nima qilish kerak? Yoshlarning innovatsion tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ularni xalqaro bozorga olib chiqishda venchur kapitalining o‘rni qanday?
Bugungi kunda ushbu savollar mamlakatimizda startap ekotizimini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mazkur masalalar yuzasidan IT Park Uzbekistan Bosh direktori Azamat Karamatov bilan suhbatlashdik.
— Bugun startaplar va venchur kapitali haqida ko‘p gapirilmoqda. Avvalo, startap nima va uning iqtisodiyot uchun ahamiyati qanday?
— Startap — yangi g‘oya asosida tashkil etilgan va tez rivojlanishga intiladigan biznes. Uning asosiy maqsadi muayyan muammoga yechim topish, bozorda talab mavjud bo‘lgan mahsulot yoki xizmatni yaratish va faoliyatini kengaytirishdan iborat.
—G‘oyani haqiqiy biznesga qanday aylantirish mumkin?
—Rivojlanishning keyingi bosqichida eng muhim vazifa — yaxshi g‘oyani barqaror kompaniyaga aylantirishni o‘rganishdir. Startap investitsiyadan boshlanmaydi. U tadbirkor hal etishni istagan aniq muammodan boshlanadi. Agar mahsulot odamlarga yoki biznesga haqiqatan ham kerak bo‘lsa, dastlabki foydalanuvchilar, birinchi mijozlar va ilk daromad paydo bo‘ladi. Shundan so‘ng kompaniya investitsiya jalb qilish va o‘z faoliyatini kengaytirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Bugun O‘zbekistonda bunday yondashuvning amaliy natijalarini ko‘rish mumkin. Dealroom tadqiqotiga ko‘ra, venchur moliyalashtirishni jalb qilgan O‘zbekiston kompaniyalarining umumiy qiymati 2020-yildagi 301 million dollardan 2026-yilda 4,3 milliard dollarga yetgan. Faqat 2026-yilning birinchi yarmida mahalliy startaplar rekord darajadagi 147 million dollar investitsiya jalb qilgan.
Bu - shakllanayotgan startap ekotizimi uchun juda yuqori o‘sish. Biroq, muvaffaqiyatning asosiy ko‘rsatkichi faqat jalb qilingan millionlar miqdori emas. Qancha kompaniya bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulot yarata olgani, yangi bozorlarga chiqqani, savdo hajmini oshirgani, ish o‘rinlari yaratgani va dastlabki investitsiyalardan keyin ham rivojlanishni davom ettirgani ancha muhim.
Aynan shu sababli biz startaplarni faqat ishga tushirishni qo‘llab-quvvatlashdan ularning keyingi o‘sishini rag‘batlantirishga bosqichma-bosqich o‘tishimiz zarur.
—Nima uchun startap boshidanoq jahon bozorini ko‘zlashi kerak?
— Chunki O‘zbekiston uchun ichki bozor hajmi muhim masalalardan biri. Hatto mahalliy bozorda juda muvaffaqiyatli bo‘lgan mahsulot ham ertami-kechmi muayyan cheklovlarga duch keladi. Shu bois texnologik kompaniya faoliyatining dastlabki yillaridanoq o‘z mahsulotini mamlakat tashqarisida kimlarga sotishi mumkinligini tushunishi zarur. Bu Markaziy Osiyo, Fors ko‘rfazi davlatlari, Janubiy Osiyo, Yevropa yoki AQSH bozorlari bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston bu borada jiddiy ustunlikka ega: mahalliy texnologik kompaniyalar xorijiy buyurtmachilar bilan ishlash tajribasini orttirmoqda, IT xizmatlari eksporti esa izchil o‘sib bormoqda. IT Park rezidenti bo‘lgan kompaniyalarning yosh rahbarlari allaqachon AQSH, BAA, Kanada, Buyuk Britaniya, Qozog‘iston va boshqa davlatlardagi mijozlar bilan hamkorlik qilmoqda.
— Yangi kompaniyalar faqat poytaxtda emas, hududlarda ham paydo bo‘lishi uchun qanday ishlar amalga oshirilishi kerak?
—Startap albatta poytaxtda tashkil etilishi shart emas. Iste’dodli yoshlar mamlakatimizning barcha hududlarida yashaydi. IT Park Samarqand, Farg‘ona, Namangan, Xorazm va Andijon viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham yosh tadbirkorlarning faolligini qayd etmoqda.
Biroq iste’dodli yoshlarning mavjudligi — faqat birinchi qadam. Hududiy startap rivojlanishi uchun tadbirkorga bilim olish imkoniyati, tajribali ustozlar, dastlabki mijozlar va investitsiyalar zarur. Shu bois hududiy startap muhitini rivojlantirish keyingi bosqichning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanishi kerak. Nukus, Urganch, Farg‘ona yoki Samarqanddagi yoshlar ham Toshkentdagi tadbirkorlar kabi o‘z loyihasini investorlarga taqdim etish, akseleratsiya dasturida qatnashish yoki xalqaro hamkor topish imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim.
Zamonaviy texnologiyalar dunyoning deyarli istalgan nuqtasidan turib global kompaniyalar yaratish imkonini bermoqda. Bizning vazifamiz — mamlakat ichidagi geografik joylashuv insonning imkoniyatlarini cheklamaydigan sharoit yaratish.
—Investor startapga mablag‘dan tashqari yana qanday imkoniyatlar taqdim eta oladi?
—Startaplarni rivojlantirish haqida gapirganda, biz ko‘pincha masalaning faqat bir tomoniga — tadbirkorga e’tibor qaratamiz. Ammo professional investorlarsiz kuchli venchur ekotizimini shakllantirib bo‘lmaydi.
Investor kompaniyaga shunchaki mablag‘ berish bilan cheklanmasligi kerak. U yangi mijozlarni topish, malakali mutaxassislarni jalb qilish, xorijiy bozorga chiqish va navbatdagi investitsiya raundiga tayyorgarlik ko‘rishda ham yordam berishi mumkin.
Shu bilan birga, startaplarga investitsiya kiritish har doim tavakkalchilik bilan bog‘liq. Har bir loyiha ham yirik kompaniyaga aylanavermaydi. Shu sababli professional venchur bozori portfel yondashuviga asoslanadi: investor bir nechta kompaniyaga mablag‘ kiritadi va ularning eng muvaffaqiyatlilari boshqa loyihalardagi yo‘qotishlarni qoplashi mumkinligini hisobga oladi.
O‘zbekistonda bozorni yanada rivojlantirish uchun investorlarning loyihalardan chiqish imkoniyatlarini ham aniq va tushunarli shakllantirish muhim.
Investor mablag‘ kiritayotganda bir necha yildan so‘ng o‘z ulushini boshqa investorga yoki yirik kompaniyaga sotish yoxud ommaviy kapital bozori orqali investitsiyasidan daromad bilan chiqish imkoniyatiga ega bo‘lishni ko‘zlaydi.
—O‘zbekiston jahon startap xaritasida qanday o‘rin egallamoqda?
—So‘nggi bir necha yil ichida xalqaro investorlarning O‘zbekistonga bo‘lgan munosabati sezilarli darajada o‘zgardi.
Yaqin vaqtgacha mamlakatimiz xalqaro darajadagi texnologik kompaniyalarni yaratish mumkin bo‘lgan hudud sifatida kamdan-kam ko‘rib chiqilar edi. Bugun esa vaziyat boshqacha. 2026-yilda StartupBlink O‘zbekistonni yilning eng tez rivojlanayotgan startap ekotizimi deb e’tirof etdi.
Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, aynan dastlabki investitsiyadan muvaffaqiyatli chiqishgacha bo‘lgan to‘liq jarayon kapitalning doimiy ravishda ekotizimga qaytishi va tadbirkorlarning yangi avlodini moliyalashtirish imkonini beradi.
—Startap ekotizimini rivojlantirish uchun qanday tizim yaratish kerak?
—Bizda yosh texnologik kompaniyalar shakllanmoqda. Venchur fondlari paydo bo‘ldi. Investitsiyalar hajmi o‘smoqda. Xalqaro ishtirokchilar mamlakatimizni istiqbolli yangi texnologik bozor sifatida tobora ko‘proq ko‘rib chiqmoqda. Mahalliy startaplar xalqaro dasturlarda qatnashib, xorijiy kapital jalb qilmoqda. Biroq keyingi bosqich yanada murakkab bo‘ladi.
Endilikda alohida muvaffaqiyat hikoyalaridan doimiy ravishda yangi kompaniyalarni shakllantiradigan tizimga o‘tish zarur. Buning uchun yoshlarga bilim, yangi g‘oyalarni sinab ko‘rish imkoniyati, mentorlar, mijozlar va investitsiyalardan foydalanish sharoiti kerak. Investorlarga aniq qoidalar va sifatli loyihalar zarur. Davlat esa xususiy bozorning o‘rnini egallamagan holda infratuzilmani rivojlantirish va mavjud to‘siqlarni kamaytirishni davom ettirishi lozim.
Eng muhimi, yoshlar tadbirkorligiga bo‘lgan munosabatning o‘zini o‘zgartirishimiz kerak. Noutbuk va yaxshi g‘oyaga ega yosh inson — shunchaki yirik kompaniyaning bo‘lajak xodimi emas. Bir necha yildan so‘ng uning o‘zi kompaniya tashkil etishi, yuzlab mutaxassislarni ish bilan ta’minlashi, xorijiy investitsiyalar jalb qilishi va o‘z mahsulotini o‘nlab mamlakatlarga eksport qilishi mumkin. Startap iqtisodiyotining haqiqiy salohiyati aynan shunda namoyon bo‘ladi.
O‘zA muxbiri
Nigora Rahmonova suhbatlashdi.