Tibbiyot xabarlari
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda tizim tashkilotlarining raqamlashtirish yo‘nalishiga mas’ul mutaxassislari Xitoy Xalq Respublikasi Tijorat vazirligi va Xalqaro biznes mansabdor shaxslari akademiyasi (AIBO) tomonidan tashkil etilgan «Seminar on Digital Development in the Healthcare Sector for Developing Countries» xalqaro seminarida ishtirok etdi.
Pekin va Shenchjen shaharlarida o‘tkazilgan seminar davomida sog‘liqni saqlash sohasida raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, «aqlli» tibbiy tizimlar, raqamli diagnostika, laboratoriya tibbiyoti va zamonaviy boshqaruv yechimlari bo‘yicha ma’ruzalar va ekspertlar bilan muloqotlar tashkil etildi.
Ishtirokchilar BGI, SNIBE, Comen Medical, Dymind Biotechnology kompaniyalari hamda Pekindagi tibbiy muassasa va tashkilotlar faoliyati bilan tanishib, raqamli texnologiyalarni amaliyotga joriy etish tajribasini o‘rgandi.
Seminar doirasida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish, innovatsion texnologiyalar bo‘yicha tajriba almashish va zamonaviy raqamli yechimlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
***

O‘zbekistonda farmatsevtika sohasini rivojlantirish, xalqaro standartlarni joriy etish hamda ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish yo‘nalishida muhim qadam qo‘yildi. Xususan, «Pharm Service» va AQSH Farmakopeyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik mustahkamlandi.
Mazkur sheriklik doirasida referent standartlar va tajriba almashinuv asosida sohadagi ilg‘or yutuqlarni mahalliy amaliyotga tatbiq etish hamda farmatsevtika sohasi mutaxassislarini o‘qitish, ularning malakasini oshirish yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratiladi.
Ushbu hamkorlik mamlakatimizda xalqaro tajribani chuqur o‘rganish, zamonaviy ilmiy bilim va amaliyotlarni keng joriy etish hamda farmatsevtika sohasidagi professional kompetensiyalarni yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
***

Milliy tibbiyot markazi kardiojarrohlari tomonidan Tojikiston Respublikasidan kelgan 18 yoshli bemorda murakkab yurak amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi.
Bemorga ikkilamchi bo‘lmachalararo to‘siq nuqsoni plastikasi amaliyoti kichik kesma orqali, minimal invaziv usulda amalga oshirildi.
Ushbu amaliyot Milliy tibbiyot markazida zamonaviy kardiojarrohlik texnologiyalari va malakali mutaxassislar tomonidan yuqori texnologik amaliyotlarni bajarish imkoniyatlari kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
***

Poytaxtimizda “IOC – 2026” VI Xalqaro oftalmologik kongressi bo‘lib o‘tmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi va Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan tashkil etilgan anjumanda yurtimiz mutaxassislari bilan birga, AQSH, Germaniya, Rossiya, Turkiya, Hindiston, Qozog‘iston kabi 20 ga yaqin davlatdan jami 1000 nafardan ziyod soha mutaxassislari va ekspertlar ishtirok etmoqda.
Tadbirda oftalmologiyadagi so‘nggi yutuqlar, yangi davolash va diagnostika usullari, raqamlashtirish va sun’iy intellektdan foydalanish kabi dolzarb masalalar muhokama qilinmoqda.
Kongress doirasida maxsus ko‘rgazma ham tashkil etilgan.
Mohigul Qosimova, O‘zA