E’zoz − ishtiyoqni uyg‘otuvchi kuch
Qadrlangan va e’zozlangan inson ishtiyoq bilan mehnat qiladi. U xoh yosh bo‘lsin, xoh keksa hayotidan mamnun holda yashaydi. Haqiqatdan ham e’zoz − ishtiyoqni uyg‘otuvchi kuch.
30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Miromonovich boshchiligida Ko‘ksaroy qarorgohida yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Ushbu uchrashuvda yurtimizning turli sohalarida faoliyat yuritib kelayotgan yoshlar qatori Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining yosh o‘qituvchisi sifatida men ham qatnashdim.
Prezidentimiz o‘z nutqlarida yoshlarga katta ishonch bildirib, uchrashuvda ishtirok etayotgan yoshlar bilan ochiq muloqot qildi. Eng quvonarlisi, yoshlar tomonidan berilgan barcha takliflar inobatga olinib, amaliyotga joriy qilish masalasi ko‘zda tutildi. Xorijiy tillarni o‘qitish, xorijda ta’lim olayotgan barcha yoshlar bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish va ularni rag‘batlantirish muhimligi Prezidentimiz tomonidan alohida ta’kidlandi.

Men ustoz sifatida bu takliflardan minnatdor bo‘ldim. Negaki, jahonning eng ilg‘or sohalarini o‘rganib, tajriba orttirmoqchi bo‘lsak, albatta, xorijiy tillarni mukammal bilish talab qilinadi. Mamlakatimizda yuqori saviyadagi samarali ishlarni amalga oshirishda ham zamon talablariga mos faoliyat yuritishimiz lozim.
Bugungi kunda IT va tadbirkorlik sohalarining rivojlanishi yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochadi. Prezidentimiz ushbu sohalarda ham yangiliklar qilish, ish bilan ta’minlanmagan yoshlarni jalb qilish va xotin-qizlarga imtiyozlar berish masalasiga alohida e’tibor qaratib o‘tdi.
Men uchrashuvda davlatimiz rahbarining nutqlarini tinglar ekanman, imkoniyatlarning naqadar keng berilayotganidan quvondim. Prezidentimizning o‘zbek tilidagi asarlarni xorijiy tillarga tarjima qilish va xalqaro ommaga yetkazish bo‘yicha ham aytgan fikrlari men kabi tarjimashunos yoshlarga kuch beradi.
Ushbu lahzalarda koreys va ingliz tillarida tarjimonlik faoliyatimni yanada rivojlantirish va ushbu tarjima faoliyatiga o‘z hissamni qo‘shish hissi uyg‘ondi. Muloqot jarayonida ilmiy tadqiqot ishlari va «Ibrat farzandlari» loyihasi orqali til o‘rganayotgan yoshlar sonini ko‘paytirish masalasiga Prezidentimiz alohida to‘xtaldi.
Darhaqiqat, «Ibrat farzandlari» loyihasi chekka qishloqda yashayotgan yoshlarga ham turli tillarni o‘rganish imkonini berayotgani quvonarli. Men ham ushbu loyihaning koreys tili ustozi sifatida bir millatdoshimning til o‘rganishiga hissa qo‘shayotganimdan faxrlandim. Ushbu loyihaning aksariyat ustozlari Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida faoliyat yuritib, xorijiy tillarni o‘rgatib kelayotgani esa menga o‘zgacha g‘urur baxsh etadi.
Umuman olganda, Ko‘ksaroy qarorgohida Prezidentimiz bilan uchrashuv yoshlarga kelajakdagi faoliyati uchun ishtiyoq berdi va vatanparvarlik ruhiyatini yana bir karra his qilishimizga undadi. Sharqshunos o‘zbek qizi sifatida ushbu uchrashuvda ishtirok etganim, Prezidentimiz bilan uchrashish va ularning nutqlarini tinglash hayotimdagi eng unutilmas daqiqalarga aylandi. Kelgusi rejalar va yutuqlar sari intilishimda bu uchrashuv katta turtki bo‘ladi.
Muqadas Taylanova,
TDSHU o‘qituvchisi
O‘zA