Bu yil mamlakatimizda Ogahiy tavalludining 210 yilligi keng nishonlanadi. Ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan O‘zA muxbiri O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti katta ilmiy xodimi, filologiya fanlari nomzodi Sayfiddin Rafiddinov bilan suhbatlashdi.
–Sayfiddin aka, dastlab Ogahiyning mumtoz adabiyotimizga qo‘shgan hissasi, asarlari haqida so‘zlasangiz?
– Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy nafaqat o‘zbek yoinki Sharq mumtoz so‘z san’ati, balki jahon adabiyoti xazinasiga o‘z she’rlari, tarixiy asarlari va tarjima kitoblari bilan munosib hissa qo‘shgan zabardast shoirlardan hisoblanadi.
Ogahiy bizga nafaqat shoir, tarixchi sifatida, balki tarjimon o‘laroq ham salmoqli meros qoldirgan. U turkiy va forsiy she’rlardan tarkib topgan devonidan tashqari beshta tarixiy kitob ham yozgan. Uning tarjimalarini Kaykovusning “Qobusnoma”, Sa’diyning “Guliston”, Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Nizomiyning “Haft paykar”, Xusrav Dehlaviyning “Hasht bihisht”, Abdurahmon Jomiyning “Yusuf va Zulayho”, “Salamon va Absol”, “Bahoriston”, Zayniddin Vosifiyning “Badoye’ ul-vaqoye’”, Mirxondning “Ravzat us-safo”, Husayn Voiz Koshifiyning “Axloqi Muhsiniy”, Badriddin Hiloliyning “Shoh va gado” kabi Sharq olamida mashhur adabiy, tarixiy va axloqiy asarlar tashkil etadi.
Ogahiyning tarjimonligi va tarixnavisligi haqida har qancha maqtov gaplar aytilmasin, u Navoiydan keyin eng “ko‘p va xo‘p” ijod qilgan ulug‘ shoirdir. Ogahiy “Ta’viz ul-oshiqin” (“Oshiqlar tumori”) asari bilan o‘zbek mumtoz she’riyatiga ulkan hissa qo‘shdi.
–Ogahiy she’rlarining asosiy mezoni, bosh mavzusi nimadan iborat?
–Darvoqe, shoir she’rlarining bosh va dolzarb mavzularidan biri ishq va muhabbat bo‘lsa, yana biri odob va axloqdir. Ayniqsa, shoirning pand-axloq haqidagi bir qator yaxlit g‘azallari borki, ular alohida e’tiborga molik. Salaflarida bo‘lgani kabi Ogahiy ham axloqi hamida (yaxshi xulqlar) va axloqi zamima (yomon xulqlar)dan bahs yuritib, insonlarni yaxshilikka chorlaydi va yomonlikdan qaytaradi.
–Shu o‘rinda ulug‘ shoirning “Ta’viz ul-oshiqin” (“Oshiqlar tumori”) asari haqida ham gapirib o‘tsangiz?
–Ushbu devon Ogahiyning “Ta’viz ul-oshiqin” devonining yangidan nashrga tayyorlangan nusxasidir. Men bu kitobni bir qator qo‘lyozma va toshbosmalarga qarab, qiyoslab, nashrga tayyorladim. Darhaqiqat, devondan o‘rin olgan yetuk g‘azal, ruboiy va qit’alar hamda mustazod, murabba’, muxammas, musaddas, tarje’bandlar o‘zining shaklan go‘zalligi, mazmunan teranligi, badiiy yuksakligi bilan nazm ixlosmandlariga, madaniyat va san’at ahliga munosib tuhfa bo‘lishi, shubhasiz.
Shu bois ham men shoir devonini nashrga tayyorlar ekanman, uning lirik merosini to‘liq holda o‘quvchilarga taqdim etishni rejalashtirib, bu ishga imkon darajasida matn tayyorlashning ilmiy talablari va qoidalari asosida yondashdim. Devon ikki jildga moslab nashrga tayyorlandi. Birinchi jild g‘azallardan tarkib topdi, ikkinchi jildga esa shoirning boshqa janrdagi barcha she’rlari kiritildi. Ayrim farqli so‘zlargina matn ostida berib o‘tildi.
Forscha-tojikcha g‘azallarning to‘g‘ri talaffuz qilinishi va tojikzabon xalqlarning ham foydalanishini hisobga olib, matnlarni hozirgi zamonaviy tojik imlosida berdik.
Beayb Parvardigor. Bu nashrdan ham xatolar o‘tib ketgan bo‘lishi mumkin. Buning uchun kitobxonlarimizdan oldindan uzr so‘raymiz. Bu yog‘i qilgan ishimga mutaxassislar bahosini beradi, degan umiddaman. Muhimi, Allohning inoyati bilan hukumat qarorining ijrosini bajardim hamda o‘zimning bir necha yillardan beri niyat qilib yurgan ishimni oxiriga yetkazdim. Ancha mehnatim sarf bo‘ldi. Qo‘lyozma matn bilan ishlagan mutaxassislar buni yaxshi biladi.
Ogahiy tavalludining 210 yilligi munosabati bilan nashrga tayyorlangan ushbu “Ta’viz ul-oshiqin” devoni xalqimizga, xususan, shoirning muxlis va muhiblariga manzur va maqbul bo‘lishidan umidvorman.
– Sayfiddin aka, kitob nashrdan chiqdimi yoki qachon chiqishi mo‘ljallangan?
– Kitobni qaysi nashriyotga olib bormang, xususiylashgani, homiy yo‘qligi, bankrot bo‘lib qolganidan gap bo‘ladi, xolos! Biror nashriyot bu kitobni “biz nashr qilamiz”, demaydi. Balki ularni ham tushunish kerakdir? Kimga arz qilish kerak va kim bu ishni bajaradi? Nahotki, biror bir tashkilot yo homiy chiqmasa? Nahotki,shoir devonining nashr bo‘lishiga hech kim bosh-qosh bo‘lmasa? Mening o‘rnimda bo‘lgan har qanday odam ham o‘ziga-o‘zi shu savollarni bersa kerak. Hazrat Ogahiy bobomiz bir baytlarida shunday degan ekanlar:
Kerakdur xizmat ahlig‘a zamoni qilmasa ta’xir,
Na xizmat amrig‘a tebratsa gar hargoh sulton lab.
Ma’nosi shuki: Sulton agar biror ish qilishga, biror topshiriqni bajarishga hatto labini tebratib qo‘ysa, qo‘l ostidagi xizmatkorlar shu ishni, topshiriqni aslo kechiktirmasdan bajarishlari kerak.Sultonning amru farmoni so‘zsiz bajarilishi shart, demoqda benazir shoirimiz. Balki bu bayt Ogahiy bobomizning karomatlari o‘laroq, mas’ul rahbarlarimizga yetib borar va Ogahiy bobomizning devonlari ko‘p tirajlarda chiqib, ruhlari shod bo‘lar!
Ilm-ma’rifatga, dinu diyonatga pushtu panoh bo‘lgan muhtaram Prezidentimizga yurakdan tashakkur bildiraman! Yangi yilda yurtdoshlarimga tinchlik, sihat-salomatlik, mustahkam iymon, jonajon Vatanimizga osoyishtalik va farovonlik tilayman!
Ozoda Bekmurodova suhbatlashdi.