Ezgulik yo‘lidagi yana bir savobli tashabbus
Urush xotiralarini faxriylaru Leningrad qamali ishtirokchilari, front ortida fidokorona mehnat qilgan hamyurtlarimiz hamon yurakda cheksiz iztirob, ko‘zda yosh bilan xotirlaydi.
Qaysidir nuroniy esa bu mudhish xotiralarni qalbda bir umr saqlagan holda hadeb yodga olavermaydi. Sababi ularni eslash, aytishning o‘zi juda og‘riqli jarayon ekanini faxriylar bilan suhbatlashib, ko‘p marta anglaganmiz.
9 may -– Xotira va qadrlash kuni bu yil mamlakatimizda yanada ko‘tarinki ruhda nishonlandi. Saflari yil sayin siyraklashib borayotgan urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan insonlarga katta hurmat va ehtirom ko‘rsatildi. Moddiy va ma’naviy rag‘bat berildi. Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekiston xalqining shonli G‘alabaga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan kitob-albomlar, adabiy-badiiy nashrlar chop etildi. Turli ijodiy ko‘rgazmalar, fotoekspozitsiyalar o‘sha og‘ir kunlarni nuroniylar xotirasida qayta jonlantirgan bo‘lsa, yoshlarni hayotni, uning ne’matlarini qadrlashga chorladi.
Hayotning o‘z qonuniyatlari bor. Bugun hatto urush yillardan sal avvalroq yoki o‘sha davrda tug‘ilgan hamyurtlarimiz ham saksondan oshib, birovlar yetmish yoshni quvib o‘tgan. Vaqt uchqur otdek chopmoqda. Har holda nainki urush va mehnat faxriylari, balki yoshi tabarruk insonlarning ancha bag‘rikeng, vazmin, sabru sabotli, qiyinchiliklarga tik qaraydigan, yaxshilikka xayrixoh, hayot, tiriklikning qadriga yetadigan fazilatlariga ko‘p marta guvoh bo‘lganmiz. Tabarruk yoshdagi hamyurtlarimizning bu fazilatlari oldida shu kunlarda qildan qiyiq axtarib, kimningdir gul o‘g‘irlayotgani, yana boshqalarning xatti-harakatini videolarga muhrlab internetni "portlatayotganlar"ning "ijod namunasi" sariq chaqalik qimmatga ega emasligini anglaymiz!
11 may kuni davlatimiz rahbarining "Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining moddiy ta’minotini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni e’lon qilindi. Ushbu hujjat Vatan obro‘-e’tiborini yuksaltirish, yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashda faol qatnashayotgan qariyalarni e’zozlash hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan faxriylarning moddiy ta’minotini yaxshilash yo‘lidagi yana bir ibratli tashabbusdir. Qutlug‘ Ramazon bayrami arafasida qabul qilingan bu farmon barcha hamyurtlarimizni tinch hayot, osoyishta tonglarni, farishtadek nuroniylarimizni qadrlash, avaylash yo‘lidagi o‘ziga xos chorlovdir.
Nazokat Usmonova, O‘zA