Ezgulik – shiorimiz, ma’rifat – qurolimiz
Sirdaryo viloyatida “Ezgulik – shiorimiz, ma’rifat – qurolimiz!” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli olim, professor Qozoqboy Yo‘ldoshev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Turg‘un Beknazarov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Chorsham Ro‘ziyev, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi Hanifa Zokirova, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy maqom san’ati markazi ansambli xonandasi Sardor G‘ofurov hamda mahalliy san’at va madaniyat xodimlari sirdaryoliklar bilan muloqotda bo‘ldi.


So‘zga chiqqanlar Navro‘z umumxalq bayrami, milliy urf-odat va an’analar haqida gapirdi.
Tadbirda farzandlariga munosib tarbiya berib, davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etib, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ilm-fan, madaniyat, sport kabi yo‘nalishlarda yutuqqa erishgan o‘quvchilarning onalariga, farzand tarbiyalashdek mas’uliyatli ishni bajarayotgan muhtarama onaxonlar, munis ayollarga minnatdorlik bildirilib, ularga esdalik sovg‘alari taqdim etildi.


Sirdaryolik taniqli yosh shoir, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohibi, “Yosh kitobxon” respublika ko‘rik-tanlovi g‘olibi Yorqinjon Hayitboyevning onasi Buvhilol Erkaboyeva, ikki nafar fan doktorini tarbiyalagan, turmush mashaqqatlarini sabot bilan yengib kelgan Zamira Ismoilovaga “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishonlari tantanali topshirildi.


–Bundan keyin ham “Ma’rifatli ona – barkamol farzandni tarbiyalaydi” degan ezgu g‘oya asosida farzandlarining ilm-ma’rifatli bo‘lishiga shart-sharoit yaratib bergan munis onaxonlar, ma’rifatli ayollar aynan shunday nufuzli ko‘krak-nishonlar bilan taqdirlanadi, –deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sirdaryo viloyati bo‘limi rahbari Murodjon Hayitov. – Bizni dunyoga keltirgan, oq sut berib, mehr va tarbiya berib voyaga yetkazgan buyuk ona siymosiga, mo‘tabar ayol zotiga e’tibor, davlatimiz va jamiyatimizning eng ustuvor vazifasi bo‘lib qoladi.
Sh.Suyarov, O‘zA muxbiri