Ezgu maqsadlarimiz mushtarakligi
O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqlarining asli ildizi bir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu ikki xalq vakillari azaldan yon qo‘shni bo‘lib, bir daryodan suv ichib, quda-anda, do‘st-birodar bo‘lib yashagan.

Ko‘z tegmasin, bugungi kunda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida o‘zaro do‘stona aloqalar barcha sohalarda tiklandi. Ikki davlat o‘rtasidagi chegara o‘tish postlari ochilib, ikki xalqning bir-biriga bordi-keldilari yo‘lga qo‘yildi. Bundan, albatta, ikki xalq vakillari mamnundirlar.
O‘zbekistonda qariyb 300 mingga yaqin qirg‘izlar istiqomat qiladi. Ular asosan Farg‘ona vodiysi, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida yashaydi.
bugungi kunga kelib O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markazi Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax, Sirdaryo viloyatlaridagi beshta bo‘linmasining faoliyatini muvofiqlashtiradi. Bu markazlarda qirg‘iz madaniyati, an’analari, urf-odatlari va tilini rivojlantirish maqsadida xalq og‘zaki ijodiyoti, milliy va jahon madaniyatining gavhari bo‘lmish “Manas” dostoniga katta e’tibor qaratiladi. Markaz muntazam ravishda madaniy tadbirlar, O‘zbekiston va Qirg‘izistonning taniqli fan va san’at arboblari bilan uchrashuvlar, kitoblar taqdimotini o‘tkazib keladi.
Markazimiz tashabbusi va faol ishtiroki bilan mamlakatimizda har yili qirg‘iz tili o‘qituvchilarining qirg‘iz tili fani bo‘yicha tanlovlari o‘tkazib kelinadi. Shuningdek, “O‘zbek-qirg‘iz” do‘stlik kechalari, oqinlar aytishuvlari tashkil etiladi.
Ommaviy xalq sayillari va bayramlarini o‘tkazishda milliy madaniy markazlar qoshida tashkil etilgan folklor ansambllarining o‘rni muhim. Andijondagi “Do‘stlik”, Sirdaryodagi “Jan-Janoy”, Namangandagi “Suluv qiz”, Jizzaxdagi “Marjon” ansambllari ijrosidagi qo‘shiq va raqslar ko‘pmillatli xalqimizning e’tiborini qozondi. Bu ansambllar “O‘zbekiston – umumiy uyimiz”, “Qudratimiz – birlik va hamjihatlikda”, “Vatan yagonadir, Vatan bittadir”, “Shu aziz Vatan – barchamizniki” shiori ostidagi barcha festivallarda sovrinli o‘rinlarni egallab kelmoqda.

Prezidentimiz tashabbuslari bilan “Obod qishloq” dasturi doirasida 2018 yil respublikada birinchi bo‘lib Jizzax viloyati Do‘stlik tumanidagi 80 foiz qirg‘iz millatiga mansub aholi istiqomat qiladigan Manas qishlog‘i atigi 45 kun ichida qayta ta’mirlanib, barcha infrastrukturaga ega bo‘lgan go‘zal maskanga aylantirildi. Manas qishlog‘i aholisining hordiq chiqarishi uchun Madaniyat saroyi qad ko‘tarib, uning qoshida O‘zbekiston madaniyat vaziri taklifi asosida ilk marotaba 25 yosh o‘g‘il-qizlardan iborat qirg‘iz milliy “Marjon" xalq havaskorlik ansambli tashkil etildi.
Milliy madaniy markazlarimiz yurtimizda o‘tkaziladigan barcha davlat tadbirlarida jamiyatimizning teng huquqli a’zosi sifatida doimiy ravishda qatnashib kelmoqda. Bu davlatimiz rahbarining turli millat vakillariga ko‘rsatgan e’tiborining yorqin misolidir.
Viloyat, tuman va shaharlarda o‘tkaziladigan har bir bayram tadbirlarida markazlarimiz faollari ishtirokida milliy qirg‘iz o‘tovlari tikilib, kuy-qo‘shiqlari bilan xalqimizga bayramona kayfiyat baxsh etib keladi. Milliy halq o‘yinlarimizdan “Oq-so‘yilmak”, “Arqon tortdi”, “Kurash”, “Ko‘kbari” va boshqalar qirg‘iz xalqining an’ana va qadriyatlarini saqlashda alohida o‘rin tutadi.
Qirg‘iz madaniy markazi 1992 yilda Jizzax viloyatida viloyatlararo qirg‘iz madaniy markazi maqomida tuzilgan. 1995 yilda Toshkent shahrida tashkil etilgan O‘zbekiston qirg‘iz madaniy markazi 2019 yilga kelib O‘zbekiston qirg‘iz milliy madaniy markazi, deb qayta nomlangan. Markazning asosiy maqsadi yurtimizda yashayotgan qirg‘iz millati vakillarining tili, madaniyati, an’analari va urf-odatlarini saqlash va rivojlantirish, O‘zbekiston fuqarosi sifatida, mamlakat qonunlariga qat’iy rioya etishdan iborat. Yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa millat vakillari bilan hamjihatlikda yashab, tinchlik-osoyishtalik va barqarorlikni ta’minlashda o‘z hissasini qo‘shish ham bizning asosiy maqsadlarimizdan biridir.
Oldimizga qo‘ygan rejalarimiz katta. Jumladan, Jizzax viloyati Baxmal tumani maktablarida “O‘zbekiston – umumiy uyimiz” shiori ostida turli millat vakillari, faxriylar va yoshlari ishtirokida do‘stlik festivalini o‘tkazishni ko‘zlayapmiz. Shuningdek, Do‘stlik tumani Manas qishlog‘ida Mirzacho‘lda xizmat ko‘rsatgan faxriylarning xotira
kechalarini o‘tkazish va kam ta’minlangan oilalarga, urush qatnashchilariga muruvvat yordamlarini ko‘rsatishni rejalashtirganmiz. “Marjon" xalq havaskorlik ansamblining 2021-2022 yillarda qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasiga gastrol safarini uyushtirish ham ko‘zda tutilgan.
Do‘stlik aloqalarning tobora mustahkamlanayotgani barcha jabhalarda namoyon bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 2 apreldagi “Buyuk adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov tavalludining 90 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent viloyati Parkent tumanida adibning xotirasiga bag‘ishlab katta ijodiy kecha o‘tkazildi. Toshkentning markazida Chingiz Aytmatovga memorial yodgorlik o‘rnatildi. Bularning hammasi qardosh xalq vakiliga ko‘rsatilgan ehtirom namunasidir.
Chingiz Aytmatov o‘zining chiqishlaridan birida “Men Qirg‘izistonimga borsam mehnat qilaman, Moskvaga borsam hurmat qozonaman, O‘zbekistonga kelsam yayrab-yashnayman”, degan. Chunki uning O‘zbekistonda qadrdon do‘stlari va yaqinlari ko‘p bo‘lgan.
bugungi kunda O‘zbekistonda ta’lim yetti tilda olib boriladi. 56 ta maktab qirg‘iz tilida faoliyat olib bormoqda. Maktab o‘quvchilari uchun darsliklar to‘liq chop etilmoqda. Mamlakat oliy o‘quv yurtlarida ham qirg‘iz tili va adabiyoti yo‘nalishi mavjud.

Milliy madaniy markazlarning faoliyatini yoritib borish maqsadida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” kanalida har haftada “Yagona oilada” ko‘rsatuvi efirga chiqmoqda. Radioefir orqali “Elamon” va “Minqiyol” nomli eshittirishlar uzatilib borilmoqda. Respublikada istiqomat qilayotgan qirg‘iz millatiga mansub fuqarolar yurtimizning gullab-yashnashi, ikki davlat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarning rivojlanishiga o‘zlarining katta hissalarini qo‘shib kelmoqda. Ularning kamtarin mehnatlari yuksak baholanib, davlat mukofotlariga sazovor bo‘lmoqda. 2019 yil O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputatligiga bo‘lib o‘tgan saylovda Sirdaryo viloyati qirg‘iz milliy madaniy markazi raisi Nodira Jonibekova ilk deputat bo‘lib saylandi.
Qo‘shning tinch, sen tinch, deydi donishmandlarimiz.Ollohga shukr, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev sa’y-harakatlari tufayli 2017 yildan buyon yaqin qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro aloqalar yo‘lga qo‘yildi. Bu esa, o‘z navbatida, mintaqadagi xalqlar va davlatlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarining mustahkamlanishi va shu davlatlarning taraqqiy etishida muhim omil bo‘lmoqda.
Rahmatilla Jabborov,
O‘zbekiston qirg‘iz madaniy
markazi raisi