Ey, siz bu olamda xirmoni borlar...
Dehqon televizor koʻradi. Yomgʻirli kunlar choʻzilib boradi.
Dehqon televizor koʻradi. Yomgʻirli kunlar choʻzilib boradi. Dehqon zerikkanidan ham oynai jahonga termuladi. Televizorda kanallar koʻp. Bunisida serial, bunisida futbol. Yana birovida qoʻshiq tinmaydi. Dehqon boʻlari gapning egasi. Unga aniq, real gap kerak. Shu boisdan u “Oʻzbekiston-24”ni koʻradi. Maʼlumotlarni eshitadi. Hukumatning qishloq xoʻjaligi boʻyicha farmoyish va tavsiyalarini koʻrishni istaydi. Ammo surunkali yomgʻir sabab koʻchadan uyga qamalib qolgan nabiraning axborot koʻrgisi kelmaydi. U boboning koʻzini shamgʻalat qilib pultni ob qochadi va uy toʻriga oʻtib televizorni “Bolajon”ga buraydi. Dehqon endigina fargʻonalik dehqonning parnikdagi pisha boshlagan pomidorlarini havas va ishtiyoq bilan koʻrayotgan mahal ekranda Maugli haqidagi multik boshlanib ketadi. Dehqonning kayfi uchadi. Bobo-nevara pult talashadi. Tashqarida dehqonning ichini ezib, choʻponning koʻnglini oʻstirib bahor yomgʻiri shivalaydi...
***
Dehqon nevarasiga yomgʻir tinsa, doʻkon ochilsa, ichidan sovgʻa chiqadigan kukuruz olib berishni vaʼda berib televizorni yana “Oʻzbekiston-24”ga buradi. Axborotda endi boshqa lavha boʻlayotgan boʻladi. Jurnalist Islom Qoraboyev koronavirus boʻyicha bir mutaxassis bilan muloqot qiladi. Titrda “Koronavirusga chalinganlar soni 1565 nafar” degan yozuv koʻrinadi. Jurnalist ham shu gapni tahlil qilaveradi. Dehqon kechagidan koʻra kasallar soni koʻpayganini anglaydi. Ichida “astagʻfirulloh” deb qoʻyadi. Ekrandagi mutaxassis sinovli kelgan yilda qishloq xoʻjaligining ahvoli, unga koʻrilayotgan hozirlik xususida gapiradi. Dehqon jon qulogʻi bilan eshitadi. Mamlakat boʻyicha falon ming tonna gʻalla, tagʻin qancha poliz va sabzavot hosili kutilayotgan ekan. Dehqonning xayoli tomorqasidagi piyozga, soʻng gʻallasiga ketadi. Yil sinovli ekanini, oʻz tilida aytganda belni besh joyidan bogʻlash lozimligini anglaydi u. Atrofiga qaraydi. Oʻgʻli telefon kovlab yonboshlab yotadi. Nevarasi erinib uxlab qolgan boʻladi. Dehqon piyozidan 20 tonna hosil umid qiladi. Gʻalladan ikki-uch roʻzgʻorga yetguday non hosilini umidlaydi. Televizorda aytilgan tonnalarning ichida oʻzining ulushi ham borligini tuygan dehqon, mutaxassisning oʻziga, yaʼni dehqonga orqa qilib maʼlumot berayotganiga ishonadi. Dehqonning yuzi jiddiylashadi. Endi ekranda epidemiyaning xorijdagi holatidan gap boradi. Dehqon unga quloq bermaydi. Oʻz xayoli bilan choʻntagidagi telefonni olib uning hisoblagichini ochadi. Va hisob-kitob qila boshlaydi. Piyoz ekkan yerga 3 telejka goʻng bergan, Chori traktorchi falon soʻmga yerni shudgorlagan, bir yashar tanani sotib 8 xalta oʻgʻit olgan. U ham piyozga ketgan. Oxirgi xaltasini bugungi yomgʻir ostida tizzagacha loyga botib paykaliga sepib chiqqan. Falon soʻmga hasharotga qarshi dori olgan. Jamaasi (dehqon jami degan soʻzni shunday aytadi) falon soʻm xarj qilgan. Piyozining avji zoʻr. Yomgʻir tezroq tinsa, kun qizisa, kasal dorimasa kutilganday xirmon koʻtaradi. Moʻljaldagiday sotadi. Hammasini qoplab ketadi...
Axborotda yerning seysmik tovushlari pasaygani, bunga sabab yer sharida texnikalarning kam harakatlanayotgani ekani aytiladi. Dehqon bu gapga koʻp qiziqmaydi. Chunki bu gaplarni u koʻpam tushunavermaydi. Endi boshqa kanalga olmoqchi boʻlgan payt ekran titrida Nigeriyadagi dalalarda chigirtka bosqini boʻlgani, qancha ming gektar maydonda hosil nobud boʻlgani yoziladi. Dehqon olis Afrika qitʼasidagi (dehqon Nigeriyaning Afrikada ekanini ham bilmaydi.) bu xabardan junjikib ketadi. Dehqon-da, oʻsha manzildagi dalani va unda nobud boʻlgan hosilni, alam bilan yer chizib oʻtirgan olisdagi hamkasbining gʻamgin holini oʻylaydi...
***
Shahri azimning baland qavatli uylaridan birining zinasidan koʻzoynakli, niqob taqqan, poʻrimgina yigit bozorlik qilib, harsillab uyiga koʻtariladi. Peshvoz chiqqan ayoliga:
– Yangi piyoz koʻpayib qolibdi. Narxiyam arzonlabdi, – deydi.
Bu yigit bu piyozni yetishtirgan dehqonning yomgʻirli oqshomdagi xayolu tashvishlaridan xabari yoʻq, albatta.
Dehqonning ham qadoq qoʻllari nafaqat oʻz shaharlariga, balki oʻzga mamlakatlarga ham hosil yetkazib berayotganidan taʼmasi yoʻq. Bu mening ishim, rizqim, nasibam, boz ustiga burchim, deganga oʻxshash xayollari bor uning. Ammo bu mushohadalarni ham soʻzda ifodalab berolmaydi u. Hojati ham yoʻq.
Quyosh intiqib keladigan ona Oʻzbekistonning bir burjidagi bu dehqon oʻzining issiq mehri, soʻz bilan ifodalab berolmaydigan begidir muhabbati dunyoni koronavirus kabi illatlar pallasida ham obod etishini, maʼmur qilishini bilmaydi. Bilsa-da, xijolat boʻlganday yelka qisib qoʻyadi. Maqtanish, marsinish unga sira oʻtirishmaydi.
U oʻzining aziz yerini, uning kungay yo soyatob ekanini, har yili hosil yetkazishi zarurligini, bu yil fargʻonalik dehqonnikiday parnik qurishi lozimligini oʻylaydi. Shuni biladi, oʻzini shunga chogʻlaydi.
Bunday qadrdon chehralar, xirmon koʻtarib olamni toʻydirsa-da kamsuqum boʻlgan bunday saxolar aziz diyorda oʻn emas, yuz emas, ming-minglabdir. Ularning oʻy-xayollari, tashvish va orzularini tinglab, koʻrib beixtiyor
Dehqon yelkasiga oʻxshagan qirlar,
Dehqon umididay boʻylagan boshoq.
Ey, siz bu olamda xirmoni borlar,
Ey, siz bu olamga bergani koʻproq.
deysan...
...Koʻngli dalasiday keng bu insonlar yelkadosh ekan, Oʻzbekiston har qanday sinovni yengib oʻtib ketadi. Chunki doimo shunday boʻlgan!