Yaponiyada joriy yil 13 aprelda boshlanib, 13 oktyabrgacha davom etadigan “Expo Osaka-2025” Jahon ko‘rgazmasida ochilgan ko‘plab pavilonlar mnhmonlar diqqatini tortmoqda.
Masalan, Chilining mahalliy xalq an’analaridan ilhom olib tiklangan “Makun” nomli to‘qimachilik markazi Atakama cho‘lidan And muzliklarigacha cho‘zilgan, dramatik landshafti bilan mashhur milliy hunarmandlik namunasi va zamonaviy innovatsiyani mujassamlashtirgan. Barqaror rivojlanish va ilmiy taraqqiyot unsurlarini aks ettirgan ayvonning o‘ziga xos xususiyati mamlakatdagi eng yirik mahalliy guruh – Chili janubidagi Mapuche jamoasi 200 nafar to‘quvchisi tomonidan tayyorlangan “makun” yoki mantiya bilan bog‘liq.
Abajur – an’anaviy meros va zamonaviy taraqqiyot birligini ifodalovchi sanoat mahsuloti yog‘och konstruksiyaga o‘rnatilgan.
– Bunday uyg‘unlik meros va taraqqiyotning noyob kombinatsiyasidan iborat, – deydi Chili paviloni bosh komissari Paulina Nazal.
Ichkarida tomoshabinlar mamlakatning barqaror rivojlanishi va xilma-xilligidan so‘zlovchi, katta ekranda namoyish etilayotgan jozibali audiovizual sayohatdan bahramand bo‘ladi.
Umuman, bu eksponatlar Janubiy Amerika mamlakatining qayta tiklanadigan energiya manbalari va astronomik tadqiqotlarga sodiqligini ta’kidlaydi.
Pavilon dasturining eng muhim jihati – astronomiya haftaligida dunyo teleskopi yorug‘lik yig‘ish kuchining 50 foizini tashkil etuvchi Chilining jahon darajasidagi rasadxonalari namoyish etiladi.
Ko‘rgazmada muqobil energiya manbalariga o‘tish tashabbusi nuqtai nazaridan, Atakama cho‘lida quyosh energiyasi va yashil vodorod ishlab chiqarkvchi kashshoflar haqida ham batafsil ma’lumot olish mumkin.
Turfa xillik va tabiiy merosdan so‘zlovchi Avstraliya gullari
“Expo Osaka-2025”dagi Avstraliya paviloni yashil qit’aning betakror landshafti va tub joy merosini yaqindan his qilish imkonini beradi.
Evkalipt daraxti – gullaydigan o‘simlikdan ilhomlanib yaratilgan dizayn innovatsiya va ekologik toza qurilish usullarini mujassamlashtirgan.
Pavilonning asosiy konstruksiyasi “Tokio-2020” Olimpiadasi materiallari yordamida yasalgan bo‘lib, uglerod chiqindisini kamaytiradi.
Xiyobon taqdimoti mahalliy yovvoyi tabiat va tosh sharshara bilan taqlid qilingan evkalipt o‘rmonidan boshlanadi.
Sayohat davomi – “Samoviy mamlakat”da qit’a-davlatning tungi osmoni haqidagi mahalliy xalqlar avloddan avlodga o‘tkazib kelayotgan fazoviy bilimlarni o‘rganish mumkin.
– “Quyoshni ta’qib qilish” mavzusi orqali Avstraliyaning betakror energiyasi, rang-barang fazilatli iliq odamlari, ajoyib tabiiy muhitimizni namoyish etamiz, – deydi hamkorlik menejeri Linn Makallister.
“Odam yer, suv va havoni himoya qiladi, bu tabiiy unsurlar esa, o‘z navbatida, insonga g‘amxo‘rlik qiladi”, degan ishonchga asoslangan mazkur ayvon mahalliy aholining “Mamlakatga g‘amxo‘rlik” nomli atrof-muhitni boshqarishga yondashuvini ifodalaydi.
Bundan tashqari, sahna san’ati, sport, ilmiy namoyish, jonli o‘yin-kulgi, kenguru va koala ham mehmonlarda iliq taassurot qoldirmoqda.
Portugaliya: Okean muhofazasi
Dengiz bilan chambarchas bog‘langan Portugaliya okeanni saqlash va barqaror rivojlanishga bag‘ishlangan ko‘rgazma taqdim etgan.
“Okean: Moviy dialog” nomli ayvonda dengiz harakatini aks ettiruvchi qurilma yaratish uchun 9000 dan ko‘p qayta ishlangan arqondan foydalanilgan.
Yaponiyalik me’mor Kengo Kuma yaratgan majmua dengiz bilan aloqani zamonaviy ob’ektiv yordamida izohlaydi.
– Bu shunchaki arxitektura emas, san’at asari, – deydi pavilon direktori Bernardu Amaral.
Mualliflar barqarorlikka alohida e’tibor qaratgan. Ya’ni, ko‘rgazmadan so‘ng materiallarning 75 foizdan ortig‘i qayta ishlanadi yoki bevosita foydalaniladi.
Ikki asosiy ko‘rgazma maydoni va ko‘p maqsadli yo‘lak orqali Portugaliyaning okeanni tadqiq qilish tarixi, suvni asrashga zamonaviy yondashuvidan boxabar bo‘lish mumkin.
Pavilonda an’anaviy dengiz mahsulotlari va qandolatchilik taomlari taqdim etilgan restoran ham bor. Portugaliya baliq iste’moli bo‘yicha dunyoda uchinchi o‘rinda turadi. Bu borada, aholi jon boshiga hisoblaganda Yaponiyani ham ortda qoldiradi.
Buyuk Britaniya innovatsiya uchun kichik g‘oyalar taqdim etadi
Buyuk Britaniya paviloni dunyoni o‘zgartiruvchi innovatsiyaga aylana oladigan kichik g‘oyalarni birlashtirgan “Keling va kelajakni quring!” mavzusini aks ettiruvchi modulli qurilish yig‘ma konstruksiyasidan iborat.
Dunyoni o‘zgartirishga qodir innovatsiya qirollikning o‘tmishi, buguni va ertasidan so‘zlaydi. Ayvon peshtoqi teshilgan alyuminiy paneldan yasalgan.
Biznes va savdo departamenti ma’lumotiga ko‘ra, panellar XVIII asr o‘rtalaridan boshlab mamlakatda yuz bergan sanoat inqilobida muhim rol o‘ynagan to‘qimachilik sanoatiga hurmat yuzasidan o‘sha davr texnikasidan foydalanib to‘qilgan.
– Qiziqarli ko‘rgazmada o‘tmish ixtirolari va kelajak uchun ulkan rejalar namoyish etiladi, bu yerda uglerodsiz kosmodrom g‘oyasi mavjud, – deydi bosh komissar Kerolin Devidson.
Malayziya: Xilma-xillik va barqarorlik
Malayziya pavilonida mamlakatning an’anaviy qo‘lda to‘qilgan Songket matosidan ilhomlanilgan uslub yordamida an’ana va innovatsiya uyg‘unligi namoyish etilgan.
Investitsiya, savdo va sanoat vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur dizayn inklyuziv, madaniy jihatdan boy, kuchli va chidamli Malayziya jamiyatini anglatadi.
Ko‘rgazmada asosan bambukdan foydalanilgan. Shuningdek, tabiiy shamollatish qurilmasi va quyosh paneli kabi energiya tejovchi usular ham qo‘llangan. Ijodkorlar mamlakatning ekologik mas’uliyati, barqaror dehqonchilik amaliyoti va zamonaviy yashil texnologiyaga sodiqligini tasdiqlaydi.
Markazda “Garmoniya daraxti” joylashgan. Murakkab yog‘och detallari turli jamoalarga mansub mahalliy hunarmandlar tomonidan yasalgan.
Qiziqarli an’anaviy ko‘rgazmali chiqishlar, madaniy bayram, barqaror energiya, biotexnologiya va aqlli shaharni rivojlantirish Malayziyaning kelajakka nisbatan qarashlarini aks ettiradi.
Pazandalik majmuasida nonushta – “nasi lemak” va boshqa an’anaviy tansiq taomlardani tatib ko‘rish imkoni bor.
Muharrama Pirmatova, O‘zA