“Exadel” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasida hozirgi kunda qariyb 70 kishi ishlaydi.
Yil oxirigacha bu raqam 300 ga yetishi kutilmoqda. Bu haqda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov va “Exadel” IT-Park” rezident kompaniyasi bosh direktori Elena Krukovskaya ishtirokida bo‘lib o‘tgan onlayn-muloqotda aytib o‘tildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda axborot texnologiyalari sohasi uchun xodimlar tayyorlash, “Exadel” faoliyatini kengaytirish imkoniyati, tashkilot uchun qulay sharoit yaratish, shuningdek, O‘zbekistonga yetakchi mutaxassislarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.
“Exadel” IT kompaniyasi O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishda davom etish, zarur mutaxassisliklar bo‘yicha yanada ko‘proq yoshlarni o‘qitish va ularni jamoaga qabul qilish tarafdori ekani aytib o‘tildi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarga bilim berish, o‘zaro tajriba almashish maqsadida senor mutaxassislarni jalb qilishda ko‘maklashish istagi bildirildi.
O‘z navbatida, Sh.Shermatov yoshlarni o‘qitish, tajribali xorijlik mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha rejalashtirilgan vazifalarni bajarishda kompaniyani qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ta’kidladi. Vazir kompaniya faoliyatini kengaytirish, vakolatxonalar ochish va yoshlarni O‘zbekiston hududlarida, xususan, Farg‘ona vodiysida IT sohasiga jalb etib, yirik IT-hamjamiyat tashkil etishni taklif qildi.
Vazir ta’kidlaganidek, ayni dam ishlab chiqilayotgan keng ko‘lamli “IT-Visa” loyihasi yetuk, tajribali mutaxassislarni O‘zbekistonga ko‘chirish jarayonini soddalashtirishga yordam beradi, ularning kasbiy faoliyati, umuman, hayot kechirishi uchun qulay sharoit yaratishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar yaqin kelajakda O‘zbekistonda IT mutaxassislarining o‘sishi va rivojlanishi uchun yanada keng imkoniyat yaratish maqsadida yuqoridagi barcha vazifalar ustida ishlash uchun kuchlarni birlashtirishga kelishib oldi.
“Exadel” 1998 yil tashkil etilgan xalqaro IT kompaniyasi bo‘lib, dasturiy ta’minot ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. bugungi kunda kompaniyaning AQSH, Germaniya, Polsha, Litva, Ukraina, Belarus, Rossiya, O‘zbekiston va Gruziyadagi vakolatxonalarida 2000 ga yaqin xodim ishlaydi.
G.Sattorova, O‘zA