AOKAda Fanlar akademiyasi axborot xizmati rahbari Mohira Jumanova ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda “Science and innovation” kompaniyasi bilan hamkorlikda har yili 5 ta yo‘nalishda “Evrika” ko‘rik-tanlovi tashkil etiladi.
“Evrika” ko‘rik-tanlovi 18 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan yosh olimlar va mutaxassislarning davlat va jamiyat oldida, fan va innovatsiya sohasidagi yuqori natijalarini munosib rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilgan.
“Evrika”ning 2025 yilgi tanlovi uchun umumiy mukofot jamg‘armasi 165 000 0000 (bir yuz oltmish besh million) so‘mni tashkil qiladi.
Mukofot bir va bir necha (ya’ni 3 kishidan ortiq bo‘lmagan) yosh olimlardan tashkil topgan guruhlarga ham beriladi. Mukofot guruh tomonidan qo‘lga kiritilgan taqdirda mukofot puli teng miqdorda guruh ishtirokchilari orasida bo‘linadi, diplom, statuetka hamda guvohnoma har bir ishtirokchi uchun alohida beriladi.
2025 yil 1 maydan 2025 yil 15 iyulga qadar hududlardagi barcha oliy ta’lim muassasalari, Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlarida tanlovning birinchi bosqichi tashkil etiladi. Tashkilot kengashlari tomonidan har bir nominatsiya bo‘yicha 1 nafardan g‘olib aniqlanadi va g‘olib bo‘lgan nomzodlarning kerakli hujjatlari www.evrika-academy.uz saytiga joylashtiriladi.
2-bosqichda, ya’ni 2025 yil 15 iyuldan 2025 yil 1 sentyabrga qadar tanlov tashkiliy qo‘mitasi tomonidan yurtimiz oliy ta’lim muassasalari va Fanlar akademiyasi ilmiy tashkilotlari tomonidan tavsiya etilgan barcha nomzodlarning hujjatlari o‘rganib chiqiladi va har bitta nominatsiya bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan 10 nafar nomzod keyingi bosqichga tavsiya etiladi. 2025 yil 1 sentyabr sanasiga qadar barcha nominatsiyalar bo‘yicha 10 nafar nomzodlar www.evrika-academy.uz sayti orqali e’lon qilinadi.
2025 yil 1 sentyabrdan 2025 yil 1 oktyabrga qadar tanlovning final bosqichi tashkil etiladi. Final bosqichida 2-bosqichdan o‘tgan nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi binosida o‘z loyihalari doirasida taqdimot qiladi. Taqdimotlar hakamlar hay’ati tomonidan 100 ballik tizimda baholanadi.
G‘oliblar 2025 yil 10 noyabr kuni taqdirlanadi. G‘oliblarga maxsus statuetka, diplom, guvohnoma va pul mukofoti topshiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA