E’tibordan ruhlangan jurnalist ayollar
Bugun, 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami, dam olish kuni bo‘lishiga qaramay O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi mas’ul xodimlari poytaxtimizda istiqomat qiluvchi bir guruh faxriy jurnalist ayollarning xonadonlarida bo‘lib bayram sovg‘a-salomlarini ulashdi.
– Bilasizmi, odam bu yorug‘ olamda e’tiborga, mehrga to‘ymay yashar ekan, – deydi mamlakatimizdagi eng yoshi ulug‘ jurnalist Farida Usmonova. –Prezidentimizning biz, ayollarga ko‘rsatayotgan mehru e’tiboridan kayfiyatu ruhiyatimiz ko‘tariladi, o‘zimizni sog‘lom-baquvvat his qilamiz. Aslida inson uchun bundan ortiq baxt yo‘q, deb o‘ylayman. Yuz yoshdan oshdim. Yurtimizda xotin-qizlarga bu qadar katta e’tibor qaratilgan davrni eslay olmayman. Davlatimiz rahbari omon bo‘lsin. Yaratgandan u kishiga sog‘lik, uzoq umr tilab duodamiz.
Prezidentimiz Xalqaro xotin-qizlar kunga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimda ta’kidlaganlaridek, bu yorug‘ dunyoni quyoshsiz, yeru osmonsiz tasavvur etib bo‘lmaganidek, hayotimizni ham mo‘’tabar onalarimiz, mehribon ayollarimizdan ayri holda tasavvur etolmaymiz.
Zero, hayotning ma’no-mazmuni va go‘zalligi eng avvalo bizni dunyoga keltirgan Ona siymosida, Ayol timsolida namoyon bo‘ladi. O‘zbek ayollari Ibn Sino, Beruniy, al-Xorazmiy, imom Buxoriy, Amir Temur, Navoiy, Bobur, Mirzo Ulug‘bek kabi ne-ne buyuk zotlarni dunyoga keltirgani bilan har qancha faxrlansalar arziydi. Mashhur hikmatda ta’kidlanganidek, “Har bir buyuk inson ortida albatta dono ayol turadi”.
Navbatdagi manzil O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Muqaddas Abdusamatova xonadoni bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘i bilan farzandu nabiralar qurshovida keksalik gashtini surayotgan ustoz jurnalist bilan kechgan suhbatimiz ham jamiyatimizda onaxonlarimiz, aziz opa-singillarimiz, munis qizlarimizning tutgan o‘rni haqida bo‘ldi.
– Bu yilgi bayram har yilgidan-da ko‘tariki ruhda o‘tdi, desam, adashmayman– deydi M. Abdusamatova. – Muhtaram Prezidentimizning bayram tabriknomasi va sovg‘alarini olish nasib etganidan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi.
Kun bo‘yi sovg‘a-salom topshirish bahonasida jurnalistika sohasi rivojiga katta hissa qo‘shgan ustozlar – faxriy-jurnalist ayollar xonadonlarida bo‘lar ekanmiz, ular davlatimiz tomonidan xotin-qizlarga qaratilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlikdan minnatdor ekanliklariga guvoh bo‘ldik.
Islom ASILBEKOV,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi mutaxassisi