🏆JCH-2026⚽
Özbek
Ўзбек
Русский
English
French
German
Arabic
Қазақ
Spanish
Chinese
Sönggi yangiliklar

E’tibordan kuch-quvvat olayotgan Sirojiddin (+video)

E’tibordan kuch-quvvat olayotgan Sirojiddin (+video)
Jamiyat
Tanlaş
16:06 / 26.04.2024

Denov tumanidagi Xolchayon mahallasida yashaydigan birinchi guruh nogironi Sirojiddin Xolboyev taqdir taqozosi bilan ota-onasidan erta ajraldi. Ikki opasi bilan uyda yolg‘iz qoldi. Ularning ham biri ikkinchi guruh nogironi.

Hayotning g‘am-u tashvishlarini taqdir sinovi, deb bilgan Sirojiddin tushkunlikka tushmadi. Yashash uchun harakat qilib, izlandi. Birovning eshigidan yordam so‘rab, qiyo boqmadi. O‘z biznesini yo‘lga qo‘yib, halol mehnat qilmoqda. Hayotidan rozi bo‘lib yashashga intilmoqda. U bizga hayoti va amalga oshirayotgani ishlari haqida maroq bilan hikoya qilib berdi.  

– Endi o‘zimni o‘zim bemalol eplayapman, –deydi Sirojiddin Xolboyev. – Barcha maqsadlarim sari harakat qilish imkoniga egaman. Ba’zi sog‘lom kishilarning uyida bekor o‘tirishini sira tushuna olmayman. Hokim qabulida biror yordam olish ilinjida navbat kutayotgan to‘rt muchasi sog‘ odamni ko‘rsam, jahlim chiqadi. Mana, men shu holimda harakat qilyapman-ku. Birovga muhtoj joyim yo‘q. O‘ylagan niyatlarimga sekin-astalik bilan, sabr qilib erishib kelyapman.  

Denov tumanidagi Xolchayon mahallasidanman. Ota-onam yaqin qarindosh bo‘lgani uchun nogiron tug‘ilganman. Qarindoshlarning oila qurishini hech kimga tavsiya qilmayman. Tug‘iladigan farzandlari xuddi mendek bir umr nogiron bo‘lib qolishi mumkin. Ota-onam olamdan o‘tib ketishgan. 2 nafar opam bor. Ulardan biri 2-guruh nogironi. Shunga qaramay, to‘lovni amalga oshirish shoxobchasida ishlaydi. Ro‘zg‘orimizga qo‘ldan kelgancha yordam qilyapti. Ularning qo‘llab-quvvatlashi va daldasi menga katta kuch bag‘ishlaydi.  

2017-yilda birinchi marta bankdan 7 million so‘m kredit olib, parrandachilikni boshladim. Natijasi o‘ylaganimdek bo‘lmagach, tovuqlarni sotdim-da, o‘rniga 2 bosh qo‘y xarid qildim. Hozir ular 4 ta bo‘ldi. Bundan tashqari, 2 ta ho‘kiz boqaman. Hammasiga o‘zim qarayman. Sug‘oraman, yemini beraman. Bu yumushga qiziqishim bolaligimdan bor.  

Viloyat hokimi elektr motoroller olib bergandan keyin yashash tarzim butunlay o‘zgardi. Mahallada kimning yuki bo‘lsa, uyiga olib borib beraman. Birov moliga xashak, yana boshqasi yemish kerak, deydi. Qo‘ni-qo‘shnilarning shunga o‘xshash yuklarini qilib, daromad topyapman. Yozda kuniga o‘rtacha 100-200 ming so‘m pul topsam, sovuq kunlarda 40-50 ming so‘m, ba’zan 20 ming so‘mga qanoat qilaman.  

Tuman “Inson” ijtimoiy xizmat ko‘rsatish markazi xodimlari va hamkor tashkilot vakillari uyimizga muammolarni o‘rganishga kelganda ulardan bir sotixli issiqxona qurib berishini so‘radim. Iltimosim tezda amalga oshirildi. Birinchi ekin sifatida rediska yetishtirdik. Hosilni 2 million so‘mga pulladik. Endi ro‘zg‘orimiz uchun pomidor, bodring ekmoqchimiz. Issiqxonani kunda bir marta aylanib chiqmasam, ko‘nglim to‘lmaydi. Yana nima eksam bo‘lar ekan, deb bir narsalarni reja qilaman.  

Bug‘doy o‘rimidan keyin fermerlardan 40-50 sotix atrofida yer olaman dehqonchilik qilish uchun. Yeryong‘oq urug‘larini hozirdanoq tayyorlab qo‘yganman. Ayrimlar “sen qanday eplaysan, ariqdagi o‘tni ololmasang, suvini qo‘yishga yaramasang”, deb yo‘ldan qaytarmoqchi bo‘lishadi. Yo‘q, unday emas, inson tug‘ilibdiki, harakat qilish kerak, hamma narsaning imkoni bor. Birovni aka, birovni uka, deb qo‘liga pulini bersam, yordam beradi. Men shu ishdan rohatlanaman. Tabiatdan kuch va energiya olaman.  

Ishlab topgan daromadimdan 60 ta shifer, 300 metr armatura, sement kabi qurilish mahsulotlarini sekin yig‘ib boryapman. Endi biroz eskirgan uyimizni qaytadan qurib, o‘zimga qulay sharoit yaratib qurmoqchiman. Xuddi shaharnikidek, oshxona, yuvinish xonasi ham ichkarida bo‘ladi.  

Nogironlik nafaqasini olgani boraman-da, vijdonim qiynaladi. Sog‘lom insonlar hech qanday sababsiz davlatdan nafaqa olishga qanday chidar ekan-a? Shundaylarga achinaman, rahmim keladi. Harakat qilish kerak, intilish kerak...  

Chekka qishloqda yashayotgan bu yigitning teran fikrlashi va g‘ayrat-shijoati, yaxshi yashashga intilishini ish yo‘q degan bahona bilan umrini behuda o‘tkazayotgan tengdoshlariga ibrat qilib ko‘rsatsa arziydi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov (video), O‘zA muxbiri

Muallif: xolmuminmamatrayimov