O‘qituvchilik kasbini ardoqlab kelayotgan Husniobod Sohibova Andijon viloyati Asaka tumanidagi 16-son ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida ona tili va adabiyoti fanidan saboq beradi.
Inson uchun eng ulug‘ ne’mat yorug‘ dunyoni ko‘rish, tani sihatlik desak, hech kim e’tiroz bildirmasa kerak. Chunki inson sog‘-salomat yurib, quyoshning chiqish, qushlarning uchishi, yaqin insonlarining tabassumini, umuman, yorug‘ dunyo go‘zalliklarini ko‘rishdan-da ortiq baxt bo‘lmasa kerak.
Ming afsuski, oramizdan ana shu baxtdan benasib insonlar ham yashaydi. Ularning o‘ksik ko‘ngliga quvonch ulashish, yashashga, ertangi kunga bo‘lgan umid va ishonchini mustahkamlashga, o‘qib, ta’lim olishiga ko‘mak berish xayrli va savob ishlardan sanaladi.
Tumanning Yangiobod mahallasida yashayotgan Husniobod Sohibova o‘zi nogiron bo‘lishiga qaramay ana shunday xayrli ish bilan shug‘ullanib, ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatda samarali mehnat qilayotgan fidoyi ustozlardan biridir.
Fidoyi muallima Husniobod Sohibova Xo‘jaobod tumanining chekka Faqirqishloq mahallasida oddiy oilada tavallud topgan. U hozirda o‘zi mehnat qilayotgan maktabda tahsil olgan. O‘quvchilik yillarida o‘qishga, ilm olishga ishtiyoqi baland bo‘lgan Husniobod barcha fanlardan faqat a’lo baholarga o‘qidi. Adabiyotga bo‘lgan o‘zgacha mehri, qiziqishi tufayli kelajakda albatta, ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi bo‘lishni diliga tugib olgan edi.
U maktabda har yili ona tili va adabiyoti fani bo‘yicha fan olimpiadasida qatnashar, ijodiy to‘garaklarning faol a’zosi edi. Husniobod 2012 yilda ko‘zi ojiz bolalarga ixtisoslashgan maktablar o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan ona tili va adabiyoti fan olimpiadasining viloyat bosqichida birinchi, respublika bosqichida faxrli o‘rinni egalladi.
Maktabni muvaffaqiyatli tamomlagan Husniobod Andijon davlat universiteti filologiya fakultetining o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishiga o‘qishga kirdi. Universitetdagi o‘qish jarayonida ham faol talabalardan biri bo‘ldi.
U 2007 yilda universitetni muvaffaqiyatli tamomlab, Andijon viloyati ko‘zi ojizlar kutubxonasida mehnat faoliyatini boshladi. Bu yerda ish o‘rgandi, bilim va tajriba oshirdi. Samarali mehnatlari bilan ilg‘or xodimlardan biriga aylandi.
2010 yil Husniobod uchun unutilmas yillardan biri bo‘ldi. U “Mehrli kutubxonachi” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida birinchi, respublika bosqichida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Shundan so‘ng, 2012 yilda hozirda faoliyat olib borayotgan Asaka tumanidagi 16-son ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga ishga o‘tdi.
– Maktabda ish boshlaganimda dastlab, biroz hayajonlanganman, – deydi H.Sohibova. – Chunki o‘qituvchi bo‘lib ishlashning yuki, mas’uliyati boshqacha. Ishlarni yo‘lga qo‘yib olishimda rahmatli ustozim Odinaxon Mahkamovaning xizmatlari katta bo‘lgan. U kishidan zarur maslahatlar oldim, ish o‘rgandim.
Bundan tashqari, Rahimaxon Boynazarova, Sadriddin To‘lanov, Nozimjon Tillaboyev, Doniyorbek Qoraboyev singari ustozlar ko‘magida tajriba oshirdim.
Ayni kunda ko‘zi ojiz, ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan 162 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan mazkur maktabda o‘quvchilarning yashashi, ta’lim olishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. 36 ta fan kabineti, brayl alifbosidagi adabiyotlar bilan to‘ldirilgan kutubxona, 200 o‘rinli yotoqxona, 120 o‘rinli oshxona, sport zali o‘quvchilar ixtiyorida.
O‘quvchilarga 82 nafar pedagog ta’lim-tarbiya beradi. Ularning salomatligi 8 nafar tibbiyot xodimi tomonidan doimiy nazorat qilinadi.
Husniobod dars jarayonida mavzular bo‘yicha munozaralar o‘tkazishga, o‘quvchilarning mustaqil fikrlarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratadi. O‘quvchi mavzuni chuqurroq o‘zlashtirishi uchun audio darslardan keng foydalanadi.
– Husniobod Sohibova faol, izlanuvchan, tashabbuskor o‘qituvchilarimizdan biri, – deydi maktab direktori Doniyorbek Qoraboyev. – U dars jarayonida ilg‘or pedagogik usullardan samarali foydalanadi, o‘quvchilarni fanga bo‘lgan qiziqishini oshirishda o‘ziga xos, noan’anaviy usullardan keng foydalanadi.
Faoliyati davomida uning o‘quvchilari viloyat, respublika fan olimpiadalarida yuqori natijalarga erishdi. Xususan, 2023 yilda o‘quvchisi Ruxshona Murodova maxsus maktablar o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan respublika fan olimpiadasida ona tili va adabiyoti fanidan 1- o‘rinni, 2024 yilda esa Sojida Abdusattorova ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Qolaversa, keyingi ikki yil ichida Husniobod ta’lim bergan o‘quvchilarning ko‘pchiligi respublikamizning turli oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirdi. Bu muvaffaqiyatlarda albatta, ustoz H. Sohibovaning salmoqli xizmatlari bor.
– Hayot yo‘lim o‘qituvchilik bilan bog‘langanidan, “Ustoz” degan sharafli nomga sazovor bo‘lganimdan juda xursandman, – deydi Husniobod Sohibova. – Ayniqsa, o‘quvchilarim erishgan yutuqlardan, ularning kamolidan quvonaman.
[gallery-19574]
Husniobodni hayot ko‘p sinovlardan o‘tkazdi. Bir necha yil avval turmush o‘rtog‘i olamdan o‘tdi. O‘shandan buyon u mehnat bilan ovunadi, ko‘p vaqtini o‘quvchilari bilan o‘tkazadi, jamoasiga tayanadi. Bugun u yolg‘iz qizini tarbiyalab, voyaga yetkazmoqda. Hozirda qizi Rayyona Asaka tumanidagi 25-davlat ixtisoslashtirilgan maktabning 5- sinf o‘quvchisi.
Kamtar, o‘z ishining fidoyisi bo‘lgan Husniobod Sohibovaning samarali mehnatlari munosib bahosini olgan. U turli yillarda qator faxriy yorliq va tashakkurnomalar bilan taqdirlangan. Joriy yilda Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga asosan “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi.
– Ko‘rish imkoniyati cheklangan mendek bir ayolning mehnatlari e’tirof etilib, “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganligimdan behad baxtiyorman, – deydi H. Sohibova. – Yaratganga shukr, mehnatlarim zoye ketmadi, el-yurt orasida hurmat-e’tibor topdim. Bugun oilam tinch, farzandimning ko‘rki, kamolidan kuch olaman, quvonaman. Eng asosiysi, inson qadri ulug‘lanayotgan yurtda yashayotganligimdan qalbim faxrga to‘ladi. Ayol kishi, ayniqsa, mendek ojiza ayol uchun bundan ortiq baxt bo‘lmasa kerak.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov, O‘zA muxbirlari.