E’tibor va g‘amxo‘rlikdan shod bo‘lgan dillar
Ramazon hayiti munosabati bilan “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qashqadaryo viloyat bo‘limi tomonidan bir guruh ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bor fuqarolar holidan xabar olindi. Ularga reabilitatsiya vositalari va oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
Qarshi shahar “Nasaf” mahallasida yashovchi 1-guruh nogironi Tohir Abdurahimov anchadan buyon yura olmay qolgani uchun nogironlik aravachasiga ehtiyoj sezardi. Unga zamonaviy nogironlik aravachasi hadya qilindi. Shuningdek, shu kunning o‘zida 10 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaroga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan ko‘ngillari tog‘dek ko‘tarilgan o‘ksik qalblar qo‘llarini duoga ochib shukronalik keltirdi.
Bu kabi savobli amallar viloyatning boshqa tumanlarida ham davom etmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri