E’tibor va g‘amxo‘rlikdan hech kim chetda emas
FOTOREPORTAJ
Namangan viloyatida bundan uch yil oldin foydalanishga topshirilgan Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi 120 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, hozirgi kunda 63 nafar (42 nafar erkaklar, 21 nafar ayollar) o‘zgalar parvarishiga muhtoj, yolg‘iz va nogironligi bo‘lgan shaxslar istiqomat qilmoqda.
Ular uchun 120 o‘rinli oshxona, kutubxona, trenajyor zali, basseyn, sartaroshxona, fizioterapiya va muolaja xonalari xizmat ko‘rsatadi. Qiziqishlariga qarab qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish, gullar va qushlarni parvarishlash, kosibchilik, to‘quvchilik, rassomchilik, san’at va sport mashg‘ulotlari yo‘lga qo‘yilgan.
Markazda doimiy yashovchilar toifasiga kiruvchi shaxslarning sog‘lig‘i va xohishlarini inobatga olgan holda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun imkoniyat yaratilgan. Misol uchun, ulardan biri Shuhrat Hoshimov hovli tozalovchi, Abdumo‘min Saydalimov bog‘bon bo‘lib, Rustam Sharofiddinov markazga yaqin joydagi poyabzal ta’mirlash ustaxonasida, Baxtiyor Rahimov savdo do‘konida ishlaydi.
[gallery-18140]
Markazda, shuningdek, qisqa va uzoq muddatli statsionar hamda kunduzgi qatnov shakldagi ijtimoiy-reabilitatsiya xizmatlari ham ko‘rsatilmoqda.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA