E’tibor va g‘amxo‘rlik — ijtimoiy himoyaning muhim mezoni
FOTOREPORTAJ
Mamlakatimizda aholiga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, fuqarolarning ehtiyojlarini o‘z vaqtida aniqlash va ularga manzilli ko‘mak ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Buxoro viloyatida ham bu borada qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, fuqarolarning murojaat va muammolarini joyiga chiqqan holda o‘rganish, ularni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish, ijtimoiy xizmatlarning manzilli va samarali ko‘rsatilishini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatda faol ishtirokini ta’minlash va hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
[gallery-30986]
Jumladan, nogironligi bo‘lgan Muharram Tohirovaga “Faol hayotga qadam” dasturi doirasida zarur ijtimoiy-maishiy va tibbiy-reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Uning kundalik ehtiyojlarini yengillashtirish, salomatligini qo‘llab-quvvatlash va munosib turmush sharoitini ta’minlash maqsadida manzilli yordam tashkil etilgan.
Muharram Tohirovaning yashash sharoiti, kundalik ehtiyojlari, salomatligi, taklif va muammolari mutasaddilar tomonidan muntazam o‘rganib borilmoqda. Jumladan, Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Zoyirov tomonidan uning holidan xabar olinib, mavjud masalalarni hal etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar belgilanmoqda.
Murojaatlarni joyida o‘rganish va har bir fuqaroga individual yondashish ijtimoiy xizmatlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugungi kunda ijtimoiy himoya tizimida inson manfaatlarini ta’minlash, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ular uchun munosib turmush sharoitini yaratishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA