Bugun, 1 avgust kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda mukofot jamg‘armasi 1 million 550 ming AQSH dollaridan iborat “Esports World Cup Chess” turnirining final bahsida Magnus Karlsen Alireza Firuzja bilan kuch sinashadi.
Kecha kibersport yo‘nalishida o‘tayotgan nufuzli turnirning 1/4 finalida Nodirbek Abdusattorov Fransiya vakili Alireza Firuzja bilan ro‘baro‘ keldi.

Qiziqarli kechgan o‘yinning ikkita partiyasidagi o‘yinlar natijasiga ko‘ra, Fransiya vakilining qo‘li baland keldi. Abdusattorov qarshiligidan o‘ta olgan Alireza Firuzja yarim finalda Arjun Erigaisini ham dog‘da qoldirishga muvaffaq bo‘ldi.
Chorak va yarim final bahslarida Nixal Sarin va Hikaru Nakamuradan ustun kelgan Magnus Karlsen bugun g‘oliblik uchun kechadigan kurashda Alireza Firuzjaga qarshi dona suradi.

Nufuzli musobaqaning 3-o‘rni uchun o‘tadigan “aql jangi”da Arjun Erigaisi va Hikaru Nakamura to‘qnash keladi.
Kibersport yo‘nalishida ilk bor tashkil etilgan “Esports World Cup Chess” turnirining chorak finaligacha yetib kelgan Nodirbek Abdusattorov musobaqa nizomida belgilangan 85 ming AQSH dollari, turnirni 13-o‘rinda yakunlagan Javohir Sindorov 50 ming AQSH dollari sohibi bo‘ldi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA