Oxirgi paytlarda fuqarolar yangi turar joy majmualaridan kvartira sotib olishda aldangan yoki o‘z vaqtida uy-joyga egalik qilolmayotganiga oid muammolar ko‘p uchramoqda. Bundan tashqari, yangi turar joy sotib olganlar ob’ektlari qurilishdan oldin taqdim etilgan loyihalarga mos kelmasligidan doimo shikoyat qiladi. Buni ijtimoiy tarmoqlarda ko‘payib borayotgan aholi murojaatlaridan bilish qiyin emas.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 27 yanvardagi “Uy-joy qurilishi sohasini yanada rivojlantirish, turar va noturar joy ob’ektlarini ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida O‘zbekistonda uy-joylar qurilishi bo‘yicha elektron platforma ishga tushirilishi nazarda tutilgan.
Mamlakatimizda joriy yilning 1 iyulidan uy-joy qurilishi bo‘yicha elektron platforma ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Unda quruvchilar loyihasi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilishi kerak. Xaridor platformada quruvchining reytingi, avvalgi ishlari, muddatlarga amal qilishi va boshqa ma’lumotlarni tekshirishi mumkin bo‘ladi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligiga Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birga uch oy muddatda “Shaffof qurilish” tizimi doirasida platforma yaratish vazifasi topshirildi.
Elektron platformaga ma’lumotlari joylashtirilmagan ob’ektlar bo‘yicha tuzilgan ulushli shartnomalarga notarial harakatlar amalga oshirilmaydi hamda bunday shartnomalar davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydi. Ma’lumotni platformaga joylashtirmagan quruvchilar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Qurilishni ro‘yxatga olishda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlarni tizimga kiritib, uning kadastr organlari, tijorat banklari va notariuslar tomonidan tekshirilishini ta’minlaydi.
Shuningdek, 2025 yil 1 iyuldan boshlab, ulush kiritish asosidagi qurilishlarda quruvchi va xaridor o‘rtasidagi oldi-berdining shakli va mazmuni o‘zgaradi. 2026 yil 1 yanvardan esa eskrou tizimi to‘liq joriy etilib, ulushdorlarning huquqlari mustahkamlanadi.
Mazkur hujjatda belgilangan vazifalar va eskrou tizimi afzalliklari xususida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Davron Meliyev bilan suhbatlashdik.
– Qanday hollarda aholi mablag‘larini ulush kiritish asosida jalb qilishga yo‘l qo‘yilmaydi?
–Bu hujjat asosida "Shaffof qurilish" milliy axborot tizimida platforma tashkil etiladi. Developerlarning uy-joyni shu platformaga ro‘yxatga qo‘ymasdan aholi mablag‘larini ulush kiritish asosida jalb qilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Mazkur platformada quruvchi kompaniya va ob’ekt haqidagi barcha ma’lumotlar: ob’ektning loyiha bo‘yicha joylashgan aniq manzili, qavatlari, kirish yo‘laklari, qolaversa, kompaniyaning barcha loyihaviy hujjatlari, ijobiy ekspertiza xulosasi, kurilish boshlanadigan sana va foydalanishga topshirish muddati kabi ma’lumotlar jamlab boriladi. Bu axborotlarni xaridorlarning o‘zi ham platformadan kuzatib, kuruvchining ruxsatnomasi mavjudligi, uning reytingi va oldingi loyihalari haqida bilib borishlari mumkin bo‘ladi. Platformada ma’lumotlari shakllangan quruvchi kompaniyalar bundan keyingi bosqichda xaridorlar va bank bilan uch tomonlama ulushli shartnoma qilishi kerak bo‘ladi.
Yuqoridagi hujjatga asosan, ulushli shartnoma uch tomonlama imzolanadigan shartnoma bo‘ladi. Ya’ni, bank, ulushdor (fuqaro) va developer tomonidan imzolanadi. Ulushdor developer qurayotgan uyga ulush bilan kiryapti, oldindan shu uyning qurilishiga o‘z mablag‘larini tikyapti, developer uyni qurib, vaqtida topshirish majburiyatini olyapti. Bank esa bu yerda mana shu ulushdorning pul mablag‘lari eskrou hisobvarag‘ida yig‘ilishini, u yerda xavfsiz saqlanishini, shu bilan bir qatorda developerning uy-joy qurilishini bank tomonidan loyihaviy moliyalashtirish tartibini nazorat qiladi.
Ushbu hujjatga asosan, ulush shartnomasi notarial ro‘yxatga olinib, kadastrdan o‘tganidan keyin bu ulush mulk sifatida e’tirof etiladi. Ya’ni, ulushni hali uy bitmay turib, mulk sifatida sotib yuborish mumkin bo‘ladi. Ulush sotilgan taqdirda, developer va bankning yangi ulushdor oldidagi majburiyatlari saqlanib qoladi.
–Bankda ochilgan eskrou hisobvarag‘idagi pullar qurilishga yo‘naltirilmaydimi?
– Yo‘q. Bankda ochilgan eskrou hisobvarag‘idagi pullar qurilishga yo‘naltirilmaydi. Ob’ekt to‘laligicha tadbirkor va bank beradigan kredit hisobiga quriladi. Bunda, eskrou hisobvarag‘ida mablag‘lar jamlangani, ya’ni bankning risk darajasi yuqori emasligi sabab, kreditning foizi ham past bo‘ladi. Uy-joy qurib bitkazilib, ulushdorlarga berilganidan keyin, hisobvaraqdagi mablag‘lar developer kredit olgan bo‘lsa, kreditni so‘ndirishga yo‘naltiriladi. Faqat bitganidan keyin, ya’ni, ulushdor uy-joyni qabul qilib olganidan keyin bu ish amalga oshiriladi. Farmon bilan eskrou hisobvarag‘iga yo‘naltirilgan pul mablag‘larini to‘xtatib qo‘yish yoki hisobdan chiqarish taqiqlab qo‘yildi. Bu bilan ham aholi mablag‘lari yanada himoyalandi. Masalan, fuqaro MIBdan qarz bo‘lib qolishi mumkin, shu joyda ham eskrou hisobvarag‘idagi mablag‘lariga tegilmaydi.
– Bu tizim uy-joy narxlariga ta’sir qiladimi?
– Eskrou tizimi bilan quruvchi kompaniyalarga jiddiy talablar qo‘yiladi. Bu tizim joriy etilgandan keyin bank uy-joyning o‘z vaqtida qurilishini nazorat qiladi. Mazkur tizim uy-joy qurilishida har tomonlama sifatni oshiradi. Ob’ektning loyiha-smeta hujjatlariga mos ketayotganini, sifatli qurilishni ta’minlaydi. Qonuniy ravishda ro‘yxatga qo‘yilganda ob’ektning narxi sifatiga bog‘liq bo‘ladi. Qurilish sifatini nazorat qilish texnik nazoratchilar tomonidan amalga oshiriladi. Bu esa uy-joyning umumiy narxiga ta’sir qilishi mumkin.
Yana bir ma’lumot. Endilikda haridorlar platformada qurilish-montaj ishlari uchun ruxsatnoma mavjudligi, ishlab chiqaruvchining reytingi, uning oldingi loyihalari, shartnoma intizomi va ob’ektlarni topshirish muddatlariga rioya etilishini tekshirishi mumkin.
Tasdiqlangan loyihalar doirasida quyidagilar taqiqlanadi. Ob’ektlardagi xonalarning rejalashtirilishiga o‘zgartirish kiritish, foydalanishga topshirilgunga qadar ob’ektlarning loyiha hujjatlariga o‘zgartirish kiritish, qurilish ishlari yakunlanmagan ob’ektlar joylashgan yer uchastkalarini boshqa shaxslarga o‘tkazish.
Kadastr agentligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 1 iyulgacha bo‘lgan muddatda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ulushlarda ishtirok etish shartnomalarini soliq organlariga elektron shaklda taqdim etish tizimini joriy etishi lozim. Bunda shartnoma bo‘yicha talab qilish huquqi va garov huquqini boshqa shaxslarga o‘tkazish nazarda tutiladi.
Farmonga ko‘ra, 1 iyuldan boshlab mamlakatda umumiy uy-joy qurilishida eskrou hisob tizimiga o‘tish boshlanadi. 2026 yildan boshlab ulushdorlarning mablag‘larini faqat shu tartib orqali jalb qilish mumkin.
1 iyuldan boshlab quruvchilar ulushdorlar mablag‘ini faqat notarial tasdiqlangan shartnomalar orqali jalb qilishi mumkin. Qurilish ishlarining kamida 30 foizi developerlarning o‘z mablag‘i hisobidan amalga oshirilishi kerak.
– Eskrou tizimi joriy etilsa, yangi qurilgan uylar belgilangan vaqtda topshiriladimi?
– Fuqaro eskrou tizimida mablag‘ini quruvchining qo‘liga bermaydi. Bu yerda fuqaroning huquqi kafolatlanadi. Bu tizim orqali fuqarolarning pul mablag‘lari bank vositachiligida ishonchli developerga beriladi. Bunda quruvchi ishning 30 foizini o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiradi, qolgan 70 foizini bank qoplaydi. E’tiborlisi, bu tizim tadbirkorlik sub’ektlari uchun ham ma’qul bo‘ladi. Sababi, qurilishda ikkinchi sub’ektning ulushdor bo‘lishiga ishonchi paydo bo‘ladi. Ko‘pgina mamlakatlarda ulush kiritish bilan quriladigan uylarning elektron tizimlari ham yaratilgan va bunday uy-joylar platformada ro‘yxatga olinadi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/CVk6Y7YYEbI" title="Eskrou tizimi orqali yangi qurilayotgan uylarning oʻz vaqtida qurilishi nazorat qilinadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Shahnoza Mamaturopova, O‘zA